Rossiya AQSHni ogohlantirdi

Olam 45856
image
-

Rossiya AQSH Kiyevga uzoq masofaga uchuvchi ilg‘or raketa tizimlarini yuboramasligiga umid qiladi. Bu haqda Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov jurnalistlarga aytib o‘tgan.

“Bunday ma’lumotlarni sinchkovlik bilan tekshirish kerak. Ayni damda biz Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbining bu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagani haqida bayonotidan kelib chiqamiz. Umid qilamizki, sog‘lom fikr g‘alaba qozonadi va Vashington bunday provokatsion harakatga qo‘l urmaydi”, deydi rossiyalik elchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Vashingtonni “Ukrainani misli ko‘rilmagan qurol-aslaha bilan ta’minlashi mojaroning avj olish xavfini sezilarli darajada oshirayotgani” haqida diplomatik kanallar orqali bir necha bor ogohlantirgan.

“Amerikaliklar o‘zlarining harakatlari tinchlikka erishish istiqbollarini kechiktirayotganini yaxshi bilishadi. Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi inqirozga tobora kirib bormoqda. Bu global xavfsizlik uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi. Biz bema’ni va o‘ta xavfli harakatlarga chek qo‘yishga chaqiramiz. Biz tomonga xavf tug‘dirishni va Ukrainaning harbiy g‘alabasi haqida bayonot berishni to‘xtatish zarur”, deydi Antonov.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga yalpi hujum reaktiv tizimlarini (YAHRT), ehtimol M31 GMLRS (Guided Multiple Launch Rocket System) yuborishga qaror qilgandi. 

M31 GMLRS zanjir orqali harakatlanuvchi avtomobil bo‘lib, keyingi harbiy yordam paketlari HIMARS (High Mobility Artillery Rocket Systems) g‘ildirakli tizimlarini ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Diyora Abdurahmonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 290
Reyting: 3
t
×