Rossiya AQSHga norozilik bildirdi
Olam
−
01 iyun 2022
21080Moskva AQSHning Ukrainaga harbiy yordamining yangi paketini, jumladan, HIMARS raketa tizimlarini yetkazib berishini “o‘ta salbiy” baholamoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ma’lum qildi.
“Biz buni mutlaqo salbiy deb hisoblaymiz, chunki qarorni “o‘zini o‘zi cheklash” elementi sifatida ko‘rsatishga urinishlar befoyda. AQSH bir guruh davlatlar boshchiligida Kiyev rejimiga maqsadli ravishda qurol yuborish bilan shug‘ullanayotgani aniq”, deydi Ryabkov.
Uning qayd etishicha, Kiyevga har qanday qurol yetkazib berish AQSH va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilik xavfini oshiradi.
“Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, Vashingtoning mas’uliyati, oqilona yondashuvi shunchaki yo‘qolib qoldi va nima bo‘lishidan qat’iy nazar, oxirgi ukrainalik qolgunga qadar kurashamiz qabilidagi harakatlanish davom etmoqda. Bu esa misli ko‘rilmagan xavf”, deya qo‘shimcha qilgan vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, Ryabkov Vashington Ukraina inqiroziga yechim topish uchun hech narsa qilmayotganini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga yalpi hujum reaktiv tizimlarini (YAHRT), ehtimol M31 GMLRS (Guided Multiple Launch Rocket System) yuborishga qaror qilgandi.
M31 GMLRS zanjir orqali harakatlanuvchi avtomobil bo‘lib, keyingi harbiy yordam paketlari HIMARS (High Mobility Artillery Rocket Systems) g‘ildirakli tizimlarini ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi