Rossiya 5 oyda AQSHning Iroqdagi 8 yillik urushidan ko‘proq askar yo‘qotdi – “Die Welt”

Olam

image

Ukrainaga qarshi besh oylik keng ko‘lamli urushda ruslarning yo‘qotishlari Amerikaning Iroqdagi sakkiz yillik urushidagi yo‘qotishlaridan bir necha baravar ortib ketdi. Bu “Die Welt” nemis nashri maqolasida so‘z boradi.

Jurnalistlarning qayd etishicha, Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shu kungacha 25 ming rossiyalik askarlar halok bo‘lgan. Amerika Markaziy razvedka boshqarmasi bu raqamni ehtiyotkorlik bilan baholab, 15 000 kishi deb yo‘qotildi deb hisoblamoqda.

Ikkala ssenariyda ham besh oylik talofatlar AQSHning Iroqdagi 8 yil davom etgan urushidag yo‘qotgan 4500 askaridan ko‘p.

“Tashqaridan qaraganda, Rossiya yo‘qotishlarining aniq sonini aniqlash qiyin. Ammo turli ishoralar nisbatan aniq tasavvur yaratishga yordam beradi. Va bu tasavvur Rossiya armiyasida jiddiy kadrlar muammolari borligini ko‘rsatadi”, deydi xavfsizlik bo‘yicha ekspert va Germaniya tashqi ishlar kengashining rossiyalik tahlilchisi Andrash Rats.

Ratsning shaxsan o‘zi o‘ldirilgan rus askarlari sonini kamida 20 mingga yaqin deb hisoblaydi. Empirik qoidaga ko‘ra, har bir o‘ldirilgan askar uchun uchtasi yaralangan.

Tahlilchining ta’kidlashicha, Putinga oddiy armiya askarlari yetishmayotgani haqida ko‘plab dalillar mavjud. Xususan, bu aslida ichki operatsiyalar uchun o‘qitilgan Milliy gvardiyadan foydalanish, “Vagner” XHKning qimmat xususiy elita bo‘linmasi yollanma askarlaridan haddan tashqari foydalanishda ko‘rinadi.

Rats Rossiya harbiylari bilan bog‘liq yana bir muammoga ishora qilgan: rotatsiya. O‘lganlardan tashqari, Rossiya tez orada charchaganlar uchun ham kompensatsiya topishi kerak.

Rossiya hozirda qo‘shinlarini to‘ldirishga astoydil harakat qilayotgani haqida ko‘plab belgilar mavjud. 

Ko‘rilgan choralar qatorida 3 ming dollar miqdorida maosh to‘lash, ko‘ngilli batalonlarni shakllantirish, shartnoma bo‘yicha askarlarning yuqori yosh chegarasini oshirish, Ukraina sharqidagi bosib olingan hududlar va Chechenistonning ozodlikdan mahrum qilish joylarida majburiy yollash kabilar shular jumlasidan.

“Bu odamlarda tayyorgarlik kam, motivatsiya past, tegishli jihozlar yo‘q. Aslida ular, faqat to‘p go‘shti”, deydi Rats.

Umumiy safarbarlik, albatta, hamma narsani ostin-ustun qilib yuboradi, ammo busiz rus armiyasini qiyin kunlar kutmoqda, deydi Rats.

“Odamlarga har doim Rossiyaning muntazam armiyasi cheksizdek tuyuladi. Ammo bu unday emas. Umumiy safarbarliksiz ularning Donetsk viloyatining qolgan qismini ham zabt etishlari nihoyatda shubhali, deb hisoblayman”, deydi tahlilchi.

Mutaxassis jangovar texnikaning yo‘q qilinishi ham amalda askarlarning o‘ldirilishini anglatishini qo‘shimcha qilgan.

Xususan, Oryx tahliliy platformasida 4800 dan ortiq rus tanklari, vertolyotlari va raketa qurilmalari yo‘q qilingan yoki qo‘lga olingani qayd etilgan.

“Bu juda katta raqamlar va faqat tekshirish mumkin bo‘lgan yo‘qotishlar. Armiya ko‘plab moddiy-texnika vositalarini askarlarni yo‘qotmasdan boy berishi mumkin bo‘lgan yagona ssenariy bor: shoshilinch chekinish, lekin Rossiya armiyasi hujum qilyapti”, deydi Rats.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing