Rossiya harbiylari Xarkovga hujum qilmoqchi – Ukraina Qurolli Kuchlari

Olam

image

Rossiya  harbiylari Slobojanskiy yo‘nalishida hujumga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqdalar. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

“Slobojanskiy yo‘nalishida dushman hujumga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda, oldinga siljish, Rossiya Federatsiyasi hududidan qurol-yarog‘ va harbiy texnika yetkazib berishning ehtimoliy yo‘llarini o‘rganmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Xarkov yo‘nalishida dushman faol harakatlar o‘tkazmadi. Ular Terniy, Lozovaya, Protopopovka, Rudnevo, Sokolovka va boshqa aholi punktlari hududlaridagi fuqarolik infratuzilmasini o‘qqa tutgan.

Shuningdek, Bosh shtab ma’lumotlariga ko‘ra, dushman Xarkov viloyatidagi Dovgenkaga hujum qilishga urinib ko‘rgan.

“Slavyan yo‘nalishida dushman asosiy kuchini egallab olgan hududlari va ta’minot yo‘llarini saqlashga, keyingi hujum uchun sharoit yaratishga qaratmoqda. U Dovgenka, Vernopole, Grushuvax va Bolshaya Grushuvaxa aholi punktlari hududlarida fuqarolik infratuzilmasini o‘qqa tutdi. Hujumga urinish bo‘ldi, dushman muvaffaqiyatga erishmadi, avval egallab turgan pozitsiyalariga chekindi”, deyiladi harbiy hisobotda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 30 may kuni tushdan keyin Xarkov o‘qqa tutilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, guvohlar portlashlar bo‘lganini aytgan. Keyinroq uch nafar tinch fuqaro yaralangani ma’lum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Xarkov Rossiya harbiylarining dastlabki nishonlaridan biri edi. Uzoq davom etgan hujumdan keyin ruslar Xarkovdan chekingandi. Joriy yilning 29 may kuni esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy shaxsan Xarkovga borgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

16

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing