Putin va Erdo‘g‘an tez orada uchrashishi ma’lum bo‘ldi

Olam

image
Erdo‘g‘an Putin bilan Ukraina va Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi north_east

Erdo‘g‘an Putin bilan Ukraina va Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi

Yaqin vaqt ichida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashadi. Bu haqda Kreml Matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi. Yaqin kelajakda rejalashtirilgan Rossiya-Turkiya oliy darajadagi uchrashuvi arafasida davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan bir qator masalalarni ko‘rib chiqdilar”, deyiladi xabarda.

Xususan, tomonlar Ukraina atrofidagi vaziyat, jumladan, Qora dengizda navigatsiya xavfsizligini ta’minlash va g‘alla eksporti bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashgan.

Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari iqtisodiy hamkorlik, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanish va energiya ta’minoti masalalarini muhokama qilgan.

“Suriyani tartibga solish mavzusi muhokama qilinar ekan, Ostona jarayoni doirasida eronlik sheriklar ishtirokida uch tomonlama hamkorlikning muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Rossiya yetakchisi Erdo‘g‘an va butun turk xalqini Qurbon hayiti bilan tabriklagan.

Eslatib o‘tamiz, 8 iyun kuni Rossiya va Turkiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Mavlud Chavusho‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “don yo‘lagi” deb atalmish yo‘lak yaratish masalasini muhokama qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Kiyev o‘z portlarini minalardan tozalasa, Moskva Ukraina donini olib ketayotgan kemalarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatlashini hamda Berdyansk va Mariupol kabi Rossiya nazoratidagi portlar orqali tovarlar eksportini ta’minlay olishini aytgan edi.

21 iyun kuni Moskvada Turkiya va Rossiya harbiy delegatsiyalari o‘rtasida Ukraina donini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lak yaratish masalasi bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi ularni ijobiy va konstruktiv deb atab, maslahatlashuvlarni davom ettirishga qaror qilinganini qayd etdi.

Turkiya Prezidenti Toyib Erdo‘g‘an NATOning Madriddagi sammitidan so‘ng, Anqara Qora dengiz orqali olib o‘tiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta eksport qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Ukraina portlarida Turkiyaning 20 ga yaqin savdo kemalari bor, ular yukni tashishga tayyor.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

9

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing