Erdo‘g‘an Putin bilan Ukraina va Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi

Olam

image

Bugun, 11 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilib, unda Ukraina inqirozi va ukrain donini dengiz yo‘li orqali jahon bozoriga olib chiqish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Turkiya yetakchisi devoni xabar berdi.

“Prezident Erdo‘g‘an, Rossiya Prezidenti Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suriyadagi, Rossiya harbiy amaliyotlari nuqtai nazaridan Ukrainadagi vaziyat, Qora dengiz orqali don eksporti uchun xavfsiz yo‘laklarni yaratish masalalari muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, “g‘alla eksporti uchun xavfsiz yo‘laklarni yaratish rejasini amalga oshirish uchun harakat qilish vaqti keldi”, deyiladi nashrda.

Turkiya Prezidenti yana bir bor Ukraina inqirozini muzokaralar stolida tinch yo‘l bilan “barqaror va adolatli” hal etish tarafdori ekanligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya, avvalgidek, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi muzokara jarayonini jonlantirish uchun sa’y-harakatlarga tayyor.

Suriyaga transchegaraviy yordam

Erdo‘g‘an, Putin bilan suhbat chog‘ida Suriyaga transchegaraviy gumanitar yordam mexanizmini kengaytirish muhimligiga e’tibor qaratgan.

“Prezident Erdo‘g‘an transchegaraviy gumanitar yordam mexanizmini kengaytirish muhimligini ta’kidladi”, deyiladi ma’muriyatning Twitter’dagi postida.

Eslatib o‘tamiz, 8 iyun kuni Rossiya va Turkiya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Mavlud Chavusho‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “don yo‘lagi” deb atalmish yo‘lak yaratish masalasini muhokama qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Kiyev o‘z portlarini minalardan tozalasa, Moskva Ukraina donini olib ketayotgan kemalarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatlashini hamda Berdyansk va Mariupol kabi Rossiya nazoratidagi portlar orqali tovarlar eksportini ta’minlay olishini aytgan edi.

21 iyun kuni Moskvada Turkiya va Rossiya harbiy delegatsiyalari o‘rtasida Ukraina donini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lak yaratish masalasi bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi ularni ijobiy va konstruktiv deb atab, maslahatlashuvlarni davom ettirishga qaror qilinganini qayd etdi.

Turkiya Prezidenti Toyib Erdo‘g‘an NATOning Madriddagi sammitidan so‘ng, Anqara Qora dengiz orqali olib o‘tiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta eksport qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Ukraina portlarida Turkiyaning 20 ga yaqin savdo kemalari bor, ular yukni tashishga tayyor.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

70

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing