Qodirov Putinga “otchyot” topshirdi (video)
Olam
−
08:36 2134 2 daqiqa
Kecha, 29 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov bilan Kremlda uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Putinning matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida Qodirov Chechenistondagi vaziyat haqida qisqacha ma’lumot bergan.
“O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘z daromadlarimiz rejadan oshirib bajarildi – o‘sish 122 foizni tashkil etdi. 2024 yilda yalpi hududiy mahsulot o‘sish sur’ati bo‘yicha Rossiyada birinchi o‘ringa chiqdik: mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 104,5 foiz bo‘lsa, bizda 122,6 foizni tashkil etdi. Ishsizlik darajasi rekord darajada – 3,1 foiz bo‘ldi”, degan Qodirov.
Shuningdek, u mart oyining oxirida respublikada kuchli toshqinlar yuz bergani va oqibatlarni bartaraf etish uchun barcha kuchlar safarbar qilingani haqida ham aytgan.
“Hurmatli Ramzan Axmatovich, men sizlarda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari qanday olib borilayotganini kuzatdim. Siz Favqulodda vaziyatlar vazirligi va vazir Aleksandr Kurenkov bilan samarali ishlaganingizni bilaman. Jabrlanganlarga yordam to‘liq ko‘rsatilishiga umid qilaman. Baholash jarayonida rasmiyatchilikka berilmasdan, barcha muhtojlarga yordam berish kerak”, degan Putin.
Shuningdek, Putin maxsus harbiy operatsiyada ko‘rsatilgan katta yordam uchun Qodirovga, barcha chechen xalqi va respublika aholisiga minnatdorlik bildirgan.
“Sizlarning jangchilaringiz jasorat bilan kurashmoqda, ular haqiqiy jangchilar. Hozirda 71 mingdan ortiq kishi operatsiyada qatnashmoqda, ularning qariyb 20 ming nafari ko‘ngillilar”, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya Prezidenti.
Qolaversa, Putin yaqinda saylovlar bo‘lib o‘tishi haqida Qodirovga eslatgan va unga omad tilagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 aprel kuni Rossiyaning Checheniston va Dog‘iston Respublikalaridagi suv toshqinlari sababli federal miqyosdagi favqulodda holat rejimi joriy etilgandi.
Live
Barchasi