Putin o‘quvchilarga Ukrainaga qarshi urushni nega boshlaganini aytib berdi

Olam

image

Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya”dan maqsad Ukraina hududida yaratilayotgan va Rossiyaga tahdid solayotgan anklavni yo‘q qilish. Bu haqda kecha, 1 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kaliningraddagi maktab o‘quvchilari bilan bo‘lgan ochiq darsda ma’lum qilgan.

“Ukraina hududida bizning mamlakatimizga tahdid soladigan Rossiyaga qarshi anklavni yaratishga kirishilgan. Shuning uchun u yerda jang qilayotgan yigitlarimiz Donbass aholisini ham, Rossiyaning o‘zini ham himoya qilmoqda”, deydi Prezident.

Davlat rahbarining qayd etishicha, “maxsus operatsiya”da qatnashayotgan rossiyalik harbiylar jamiyat, jumladan, yoshlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga loyiq.

“Hamma hozirda Rossiyani tajovuzkor deb hisoblaydi. Biroq 2014 yilda Ukrainadagi davlat to‘ntarishidan keyin Donetsk va Lugansk aholisi bu to‘ntarish natijalarini tan olishni istamaganini hech kim tushunmaydi yoki bilmaydi. Vatandoshlariga qarshi urushni Ukraina rasmiylarining o‘zi boshlagan, Rossiyaning maqsadi esa uni to‘xtatishdir”, deydi Prezident Putin.

Bundan tashqari, Rossiya yetakchisi nutqida Ukrainadagi tarixiy voqealar talqinining ishonchliligini ta’minlash muhimligini ta’kidlagan.

“Hatto kattalar ham, ehtimol, Ukrainaning SSSR tashkil etilishidan oldin o‘z davlatchiligi bo‘lmaganini bilishmaydi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Ukrainada harbiy operatsiya boshlangan kuni Putin o‘zining maqsadini Ukrainani demilitarizatsiya va denasifikatsiya qilish, shuningdek, Donbassning tinch aholisini genotsiddan himoya qilish deb atagan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

110

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing