Polsha Ukrainaga yana $2 mlrdlik tank va raketalar yubordi

Olam

image

Polsha Ukrainaga yaqin orada 2 milliard dollarlik harbiy yordam jo‘natdi. Bu haqda Polsha Prezidenti Anjey Duda Germaniyaning “Bild” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

“Ukrainaga og‘ir qurollar, tanklar kerak. Ikki kun oldin Ukraina Prezident Zelenskiy bilan gaplashdim. U yana iltimos bilan menga yuzlandi. Biz Ukrainaga ishga yaroqli 240 dan ortiq tanklar, 100 ga yaqin zirhli texnika va qurol, miltiqlar, o‘q-dorilar hamda raketalar yubordik. Biz jami 2 milliard dollarlik qurol jo‘natdik”, deydi Duda.

Polsha Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu katta xarajatlar, biroq mamlakat ularning Ukrainaga zarurligini tushunadi. 

“Biz hammaga murojaat qilamiz: agar kimdir, masalan, artilleriya yuborish imkoniyati bo‘lsa, jo‘natsin. Bu qurollar Rossiya bosqinini to‘xtatish uchun zarur”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyun kuni Polsha Ukraina bilan so‘nggi 30 yildagi eng yirik qurol-yarog‘ bitimi tuzilishini e’lon qildi. Davlat aktivlari vaziri Yasek Sasinning so‘zlariga ko‘ra, shartnoma summasi 628 million dollarni tashkil etadi.

Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Pavel Soloxning ta’kidlashicha, rasmiy Varshava Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri, u AQSH va Buyuk Britaniyadan keyin uchinchi o‘rinda turadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

13

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing