Bu kaltabinlik – HRW Turkiyaning Ukrianaga eskirgan qurollarni sotishiga qarshi chiqdi
Olam
−
11:00 870 2 daqiqa
Amerikaning “Human Rights Watch” nodavlat tashkiloti AQSH Kongressini Turkiyaning Kiyev hukumatiga o‘n minglab raketalar va kassetali jangovar qismli snaryadlarni topshirish so‘rovini bloklashga chaqirdi. Bu haqda tashkilot saytidagi bayonotda aytiladi.
“Eskirgan kassetali o‘q-dorilarni mojaro hududiga tashlash tinch aholi oldida gumanitar mas’uliyatni yuzaga keltiradi. Bu 30 yillik noaniq va ishonchsiz o‘q-dorilarning ta’siri 112 mamlakat uchun Kassetali o‘q-dorilar to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish orqali ushbu qurollarni taqiqlashga turtki bo‘ldi”, deydi tashkilotning Vashingtondagi bo‘limi rahbari o‘rinbosari Nikol Viddersxaym.
Viddersxaymning qayd etishicha, kassetali o‘q-dorilarning bu turi o‘z nishoniga tegmasligi va tinch aholiga zarar yetkazishi bilan mashhur.
“Ular hech qachon qo‘llanilmasligi kerak. Kongress bu kaltabin va xavfli transferni to‘xtatish uchun zudlik bilan harakat qilishi kerak”, deydi u.
Avgust oyi boshida Kiyev Turkiyadan AQSHda ishlab chiqarilgan 70 ta ATACMS ballistik raketa, 12 ta M270 raketa qurilma va kasseta o‘q-dorilarini sotib olmoqchiligi haqida xabarlar tarqaldi. AQSH Davlat departamenti mazkur qurollarni Turkiyadan Ukrainaga yetkazib berishga ruxsat berishga tayyorligini bildirgan. Departament Kongressni Turkiya Kiyevga 255,9 million dollarlik eskirgan Amerika qurollarini, jumladan, ko‘p raketa tizimlari va snaryadlarni topshirishi mumkinligi haqida xabardor qilgan edi.
Davlat departamenti hujjatlarida qurollarni Ukrainaga topshirish AQSHning xavfsizlik sohasidagi maqsadlariga mos kelishi qayd etilgan. Turkiya eskirgan qurol-yarog‘ zaxiralarini qisqartirib, resurslarini armiyani modernizatsiya qilishga yo‘naltirmoqchi. Ukraina esa ushbu qurollar orqali o‘zining o‘t ochish salohiyatini kuchaytirishni maqsad qilgan.
Qurollarni Ukrainaga yetkazib berish Turkiyaning MKE AS, ASFAT va ARCA Savunma, Bolgariyaning VTIC International hamda AQSHning Pansophico va Patriot Defense Group xususiy kompaniyalari orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, ATACMS (Army Tactical Missile System) – “yer-yer” sinfidagi ballistik raketa bo‘lib, 300 kilometrgacha masofadagi nishonlarni urishi mumkin. U GPS orqali tuzatib bo‘lmaydigan inersial boshqaruv tizimiga ega. Raketaning 560 kilogramm og‘irlikdagi kasseta jangovar kallagi 950 ta M74 subo‘q-dorisini o‘z ichiga oladi.
Hozirda AQSH armiyasi ATACMS raketalarini zamonaviyroq Precision Strike Missile tizimlari bilan almashtirmoqda. Ushbu raketalar 500 kilometrgacha masofadagi nishonlarni yo‘q qila oladi.
Moskva G‘arbning Kiyevga qurol-yarog‘ yuborishi va ukrainalik harbiylarni o‘qitishga yordam berishi faqat mojaroni cho‘zishini va jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
Live
Barchasi