Polsha va Ukraina qurol sotish bo‘yicha 30 yil ichidagi eng yirik shartnomani tuzdi

Olam

image

Polsha Ukrainaga 630 million dollarlik qurol eksport qilmoqda. Bu haqda bugun, 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifingda mamlakat Bosh vaziri Mateush Moravetskiy va Davlat aktivlarini nazorat qilish vaziri Yasek Sasin ma’lum qildi.

Moravetskiyga ko‘ra, Polsha Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berish bo‘yicha 30 yil ichidagi eng yirik shartnomani imzolaydi. Uning qiymati 630 million dollarni tashkil etadi.

Uning aniqlik kiritishicha, gap “sinovdan juda yaxshi o‘tgan” qurollar haqida ketmoqda. Biroq siyosatchi shartnoma bo‘yicha Kiyevga qaysi turdagi qurollar yetkazib berilishiga aniqlik kiritmagan.

Moliyalashtirish qisman Yevropa Ittifoqi tomonidan qoplanadi. Yasek Sasinning ta’kidlashicha, shartnoma miqdori taxminan 628 million dollarni tashkil qiladi.

Avvalroq, Polsha hukumati Ukrainaga 200 dan ortiq T-72 tanklari va bir necha o‘nlab piyoda askarlarning jangovar mashinalarini yuborgani haqida xabar bergan edik.

Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Pavel Soloxning ta’kidlashicha, rasmiy Varshava Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri, u AQSH va Buyuk Britaniyadan keyin uchinchi o‘rinda turadi. 

Respublika allaqachon Ukrainaga umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq qurol yuborgan. Rasmiy Kiyev bu qurollar uchun pul to‘lash yoki to‘lamasligi haqida ma’lumot oshkor etilmagan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurollarning bir qismi tekinga, bir qismi esa kreditga beriladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

6

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing