To‘qayev urushni tinchitish uchun Putinga maydon taklif qilgani aytildi

Olam

image

Qozog‘iston bir necha bor Rossiyaga o‘zini Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralar maydoni sifatida taklif qilgan. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin TASS agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, Moskva Ostonaning mavjud vaziyatni tezroq hal qilish yo‘llarini izlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qadrlaydi.

“Qozog‘iston bizning eng yaqin hamkorimiz va ittifoqchimiz bo‘lib, biz ko‘plab strategik masalalar bo‘yicha ishonchli muloqot olib boramiz. Biz respublika rahbariyatining Ukraina atrofidagi vaziyatga e’tibori uchun minnatdormiz, uning mojaroni tezroq tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlash borasidagi sa’y-harakatlarini qadrlaymiz. Bundan tashqari, Ostona muzokaralar uchun o‘z maydonini bir necha bor taklif qilgan”, deydi u. 

Vazir o‘rinbosari so‘zida davom etarkan, G‘arb sanksiyalari Moskva va Ostona hamkorligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagani, mamlakatlar cheklovlarga amaliy hamkorlik bilan javob berayotganini urg‘uladi. 

“Bizga sanksiyalar bilan bosim o‘tkazishmoqda, biz esa bunga javoban Qozog‘istonda Rossiya loyihasi asosidagi birinchi atom elektr stansiyasini hamkorlikda barpo etyapmiz. Chunki Rossiya yadro energetikasi sohasida tan olingan va so‘zsiz yetakchidir”, deydi Galuzin.

U bosimlarga qaramay, ikki mamlakat kosmosni birgalikda o‘zlashtirish va kosmik texnikalarni yaratish loyihasini yo‘lga qo‘yayotganini eslatgan. Shuningdek, Rossiya va uning shimoliy portlarini janubiy dengiz portlari bilan bog‘laydigan “Shimol – Janub” xalqaro transport yo‘lagining sharqiy tarmog‘ini hamda global ahamiyatga ega istiqbolli dengiz yo‘li bo‘lgan Shimoliy dengiz yo‘lini birgalikda rivojlantirayotganlarini bildirgan. 

“Shunday tariqa, hamkorligimizning kundalik amaliyoti G‘arb sanksiyalari hech qanday samara bermayotganini ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, bu sanksiyalar Rossiya siyosatini zarracha o‘zgartira olmaydi, chunki siyosatimiz mas’uliyatli yondashuvga, o‘z milliy manfaatlarimizni va ularga erishish vositalarini anglashga asoslangan”, deydi u. 

Ma’lumot uchun, G‘arb mamlakatlari (AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya) Ukrainadagi urush ortidan Qozog‘istonning o‘ziga yoki uning iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, keng ko‘lamli sanksiyalar kiritgani yo‘q. Biroq, Rossiyaga qarshi kiritilgan cheklovlarni aylanib o‘tish holatlariga qarshi kurash doirasida ikkilamchi sanksiyalar mexanizmlari qo‘llanilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing