Ukraina mojarosini “muzlatish” Rossiya uchun nomaqbul – TIV

Olam

image

Moskva uchun Ukraina atrofidagi mojaroni "muzlatish" varianti to‘g‘ri kelmaydi, bu inqirozning asosiy sabablarini bartaraf etish zarur. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin TASS agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bir necha bor aytganidek, bu inqirozning asosiy sabablarini bartaraf etmasdan turib, hech qanday “muzlatish” mumkin emas. Ko‘rinib turibdiki, Zelenskiy voqelik bilan har qanday aloqani yo‘qotgan va Kiyev hamkor deb hisoblaydigan mamlakatlarda ham norozilik keltirib chiqarib, mojaroni kuchaytirishga harakat qilmoqda”, deydi u.

U 19 iyul kuni Qora dengiz akvatoriyasidagi Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) dengiz terminalida yuklash operatsiyalari amalga oshirilayotgan vaqtda Qozog‘istonda qazib olingan neftni yuklayotgan ikkita tanker – ASIA va NISSOS IOS Ukraina dronlari hujumiga uchraganini esladi. Tankerlar bortida xalqaro ekipajlar bo‘lgan.

“Fuqarolik energetika infratuzilmasi ob’ektlarining vahshiyona o‘qqa tutilishining o‘zi nimaga teng? Iyul–avgust oylarida Ukraina Qurolli Kuchlari uchuvchisiz uchar qurilmalarni qo‘llab, birinchi navbatda Qozog‘iston iqtisodiyoti manfaatlariga xizmat qiladigan Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) faoliyatini ta’minlovchi ob’ektlarga namoyishkorona terrorchilik hujumlarini uyushtirdi. Jahon hamjamiyati, jumladan, Kiyev rejimiga ta’sir o‘tkaza oladigan AQSH va neft-gaz kompaniyalari KQK aksiyadorlari bo‘lgan Yevropa davlatlari bunga munosib javob qaytarishiga umid qilamiz”, deb qayd etdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Qozog‘iston terrorizmning barcha shakl va ko‘rinishlariga qarshi kurashish zarurligini juda yaxshi tushunadi.

“Bunga erishishning eng yaxshi yo‘li – Kiyev rejimining terrorchilik faoliyatini to‘xtatish, Ukraina atrofidagi mojaroning asl sabablarini bartaraf etish orqali Yevroosiyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdir. Mamlakatimiz maxsus harbiy amaliyot doirasida aynan shunga intilmoqda. Ma’lumki, xavfsizlik yo hamma uchun bo‘ladi, yo hech kim uchun bo‘lmaydi”, deydi Galuzin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing