Patriarx Kirill, Zaxarova va Rossiya oltini Kanada sanksiyalari ostida qoldi

Olam

image

Kanada hukumati Rossiya Federatsiyasining 29 nafar jismoniy va 15 nafar yuridik shaxsiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda bugun, 8 iyul kuni mamlakat Tashqi ishlar vaziri tarqatgan bayonotda keltirilgan.

“Tashqi ishlar vaziri Melani Joli bugun G20 Tashqi ishlar vazirlarining Balida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga noqonuniy va asossiz bostirib kirishi munosabati bilan qo‘shimcha sanksiyalarni e’lon qildi”, deyiladi Kanada TIV hujjatida.

Ro‘yxatga Moskva va Butun Rossiya Patriarxi Kirill, Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova, Birinchi kanal boshlovchisi Yekaterina Andreyev ham kiritilgan.

Bundan tashqari, TASS, “Birinchi kanal”, RT, Sputnik va boshqa bir qator nashrlar hamda “Rossiya-1” va “Rossiya-24” telekanallarining jurnalistlari ham sanksiyalar ostida qolgan. Yuridik shaxslardan ro‘yxatga “Rossotrudnichestvo” va “Roskomnadzor” ham qo‘shilgan.

Shuningdek, Kanada Rossiya Federatsiyasidan oltin hamda undan bir qator mahsulotlarni olib kirishga taqiq joriy qilgan.

Avvalroq, Kanada hukumati Rossiyaning neft, gaz, kimyo sanoati hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga nisbatan yangi cheklovchi choralarni joriy qilgani haqida xabar bergan edik. 

O‘shanda hammasi bo‘lib 28 turdagi xizmatlar va yettita soha Kanada cheklovlari ostida qolgandi, jumladan:

•  ko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir qazib olish;
•  xom neft va tabiiy gaz qazib olish;
•  metall rudalarini qazib olish;
•  konchilikning boshqa faoliyati;
•  tog‘-kon sanoatining yordamchi xizmatlari faoliyati;
•  koks va qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarish;
•  kimyoviy moddalar va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

10

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing