Nazarboyevaga nazar tegdimi yoxud Darig‘aning chetlashtirilishida otasining qo‘li bormi?
Tahlil
−
03 may 2020
24141Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev farmoni bilan Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi, mamlakat Senatining raisi Darig‘a Nazarboyevaning senatorlik vakolati tugatilishi kutilmagan qadam bo‘ldi. To‘qayevning bu qarori Darig‘a uchun 57 yoshga to‘lish oldidan (7 may kuni tug‘ilgan) unutilmas sovg‘a bo‘ldi.
Prezidentlikkacha bir qadam qolgan Nazarboyeva shu tariqa Qozog‘istonda “ikkinchi odam” bo‘lishdan to‘xtadi. Qozog‘istonda Senat raisi amalda vitse-prezident vazifasini bajaradi.
Aslida, Darig‘a Nazarboyeva otasidan keyin mamlakat rahbari bo‘lishi taxmin qilinardi. Ammo Nursulton Abishevich o‘z o‘rnini qiziga emas, o‘sha vaqtdagi Senat raisi Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi. Darig‘a lavozimining norasmiy nomlanishidan “vitse” qo‘shimchasini olib tashlashga astoydil harakat qildi. Darig‘aning ketishi qozoq siyosatida yuz berishi kutilayotgan jiddiy o‘zgarishlarning debochasi bo‘lishi ham mumkin.
Darig‘aning ketishi otasi Nursulton Nazarboyev va amaldagi Prezidentning roziligi bilangina bo‘lganini taxmin qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Negaki, Nazarboyev Prezidentlikdan ketgan bo‘lsa ham katta kuch va vakolatlarni saqlab qolgan. Nazarboyevning mamlakat Xavfsizlik kengashiga umrbod raislik qilishi bilan ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bundan tashqari, tashqi siyosatning tizgini ham Nazarboyevning qo‘lida qolgan.
Darig‘aning ketishi Nazarboyevlar oilasi bilan bog‘liq yuz bergan qator mojarolar bilan aloqador bo‘lishi mumkin. So‘nggi vaqtlarda uning o‘zi va giyohvand moddaga ruju qo‘yishdan aziyat chekayotgan o‘g‘li Oysulton ko‘p bor kelishmovchilik sabab jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lib kelayotgan edi.
Bir necha kun avval Darig‘a Nazarboyeva Senat raisi bo‘la turib, bekor yurmaganini ko‘rsatish uchun favqulodda faol harakat qilayotgandi. Xususan, “vitse-prezident xonim” oshkora sudlar tashkil qilishga chaqirib, giyohvandlik muammosiga qarshi sukut saqlamaslik kerakligini targ‘ib qilayotgandi. Shuningdek, chuqur o‘ylagan holda “belni mahkamroq” bog‘lash kerakligini ta’kidlagandi.
Ammo keyingi ikki masala bo‘yicha Darig‘a Nazarboyevaning o‘z hayoti ham katta qiziqish uyg‘otadi. Bir tomonda uning juda barvaqt giyohvand moddalarga o‘rganib qolgan hozirda Londonda yashovchi o‘g‘li Oysulton qozog‘istonliklarni ijtimoiy taroqdagi sahifasi orqali hayratga solib kelyapti. U navbatma navbat qozoq siyosatchilari, o‘z qarindoshlarini aqlbovar qilmas ishlarda ayblab, postlar qoldirdi. Bir safar hatto Nursulton Nazarboyevni bobosi emas, balki otasi ekanini aytib chiqqandi. Oradan ko‘p o‘tmay u Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana сўradи. Ikkinchi tomondan London Darig‘a bilan aloqador moliyaviy mojarolar markaziga aylandi. Britaniya hukumati Darig‘aning ko‘p millionlik pullarini muzlatib qo‘ydi. Aprel oyida bloklangan mulklar borasida Nazarboyevlar sudda yutib chiqdi va sud taqiqlarni olib tashladi.
Bu voqealarning bari Darig‘a Nazarboyevaning mamlakatdagi ikkinchi eng muhim lavozimdan mahrum bo‘lishiga olib kelgan bo‘lsa, ne ajab. Yuqorida aytilgan mojarolar mamlakatning xalqaro maydondagi imiji va rahbariyatiga zarar keltira boshlagandi.
O‘tgan yili bahorda Nursulton Nazarboyevning kutilmaganda iste’foga chiqishi, o‘rniga To‘qayev kelishi esa ko‘pchilikda “u vaqtincha figura, tez orada hammasi Darig‘aga o‘tadi”, degan fikrni uyg‘otgandi. Bunday bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlarning o‘zigina jamiyatning turli qatlamida qattiq qarshilikka uchragan.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy Moskva ham Darig‘aga ehtiyotkorona munosabatda bo‘ladi. Mish-mishlarga ko‘ra, Qozog‘iston Senati raisi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashishga ham astoydil uringan. Ammo unga hurmat bilan rad javobi berilgan: “Afsuski, Vladimir Vladimirovich juda band!”
Endi bo‘lsa Darig‘ada Senat raisi lavozimi ham yo‘q. Yaqin vaqtlarda Darig‘a nega kursisidan tushirilgani bo‘yicha biror rasmiy ma’lumot beriladi, albatta. Ammo qaror Nazarboyevning ruxsatisiz qabul qilingan bo‘lish ehtimoli juda kam, deyarli yo‘q.
Hozirda To‘qayev ko‘p masalalarni o‘zi hal qiladi, biroq salafi bilan maslahatashishni ham unutmaydi. Darig‘ani nima kutyapti? Bu borada taxminimizcha, ikki yo‘l bor: birinchisi, u vaqtincha yoki doimiyga chetga chiqariladi. Ikkinchisi, bir muddat “ta’til”dan keyin unga vakolatlari va imkoniyatlari kamroq bo‘lgan biror lavozim taklif etiladi. Hozircha To‘qayevning o‘zi ham, uning qo‘l ostidagilar ham yengil nafas olishi mumkin.
DARIG‘A NAZARBOEVA KIM?
Darig‘a Nursultonovna Nazarboyeva 1963 yil 7 may kuni tug‘ilgan. Tarix fanlari nomzodi, siyosiy fanlar doktori. Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi. Darig‘a Rohat Aliyev (1962-2015) bilan turmush qurgan. Aliyev ichki razvedka xizmati va Tashqi ishlar vazirligida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Keyinroq Qozog‘istonning Avstriyadagi elchisi bo‘lgan. 2007 yilda Aliyev Nursulton Nazarboyev bilan siyosiy qarama-qarshilik sabab mojaroga borgan. Natijada Aliyev va Darig‘a ajrashishgan. Sobiq kuyovga turli ayblovlar qo‘yilgan, oxir-oqibat Rohat Qozog‘istonni tark etishga majbur bo‘lgan va Avstriyaga joylashgan. Avstriya uni estraditsiya qilishdan bosh tortgan, lekin uni “Nurbank” top-menejerlarini o‘g‘irlash va o‘ldirishda ayblab hibsga olgan. Sud davom etayotganda Aliyev o‘z kamerasida osilgan holda topilgan.
Darig‘aning uch farzandi bor: katta o‘g‘li Nurali Aliyev (1985.01.01), kichik o‘g‘li Oysulton Nazarboyev (1990.07.26), qizi Venera Nazarboyeva (2000.05.05)
Mehnat faoliyati:
• 1980-1983 yy — M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida o‘qigan.
• 1983-1985 yy — S.M.Kirov nomidagi Qozog‘istonda davlat universitetining tarix fakulteti talabasi.
• 1985-1987 yy — M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti tarix fakultetining ilmiy xodimi.
• 1987-1990 yy — M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti aspiranti.
• 1992-1994 yy — “Bobek” bolalar xayriya jamg‘armasining vitse-prezidenti.
• 1994-1995 yy — “Qozog‘iston televideniyesi va radiosi” Respublika korporatsiyasning vitse-prezidenti, “Xabar” milliy televizion axborot agentligining direktori.
• 1995-1998 yy — “Xabar agentligi” Respublika davlat korxonasi bosh direktori.
• 1998-2001 yy — “Xabar agentligi” yopiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti.
• 2001-2004 yy — “Xabar agentligi” YOAJ direktorlar kengashi raisi.
• 2004 yil 19 sentyabr – 2007 yil 20 iyun — Qozog‘iston Parlamentining uchinchi chaqiriq Majlis (quyi palatasi) deputati (“Asar” partiyasi), 2005 yil fevraldan 2007 yil 20 iyungacha “Aymak” deputatlik guruhi rahbari.
• 2007-2012 yy — “Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi” jamoatchilik jamg‘armasi direktori.
• 2012 yil 20 yanvar – 2015 yil sentyabr — Qozog‘iston Parlamentining beshinchi chaqiriq Majlis (quyi palatasi) deputati (“Nur-Otan” xalq-demokratik partiyasi), Ijtimoiy-madaniy rivojlanish va fan qo‘mitasi raisi.
• 2014 yil 3 aprel – 2015 yil setyabr — Qozog‘iston Respublikasi parlamenti quyi palatasi spikerining o‘rinbosari, “Nur-Otan” fraksiyasi rahbari.
• 2015 yil 11 sentyabr – 2016 yil 13 sentyabr — Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari.
• 2016 yil 13 sentyabr – 2019 yil 20 mart — Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati a’zosi, Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha doimiy qo‘mita raisi.
• 2019 yil 20 mart – 2020 yil 2 may — Qozog‘iston Respublikasi Senati raisi.
LiveBarchasi