Qozog‘iston parlamenti Nazarboyevning qizidan voz kechdi
Olam
−
02 mart 2022
11528Qozog‘iston parlamenti Majilisi (quyi palatasi) bugun, 2 mart kuni respublikaning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi Darig‘a Nazarboyevani deputatlik vakolatlaridan iste’foga chiqishini ma’qulladi.
“Nazarboyeva o‘z vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida ariza berganligi sababli, Markaziy saylov komissiyasi uning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish masalasini hal etish bo‘yicha taklif kiritmoqda”, degan Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Asilbek Smagulov.
Deputatlar bu qarorni qo‘llab-quvvatlaganlar.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 fevral kuni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi, mamlakat Majlisi (parlament quyi palatasi) deputat Darig‘a Nazarboyeva vakolatini muddatidan oldin tugatish Qozog‘iston MSKga deputatlik vakolatlarini muddatidan avval tugatilishini so‘rab, ariza bilan murojaat qilgan edi.
U Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan bayonotda butunlay ijtimoiy, gumanitar, madaniy va xayriya tadbirlariga e’tibor qaratishni rejalashtirayotganini aytgan.
“Men “Nur Otan” partiyasiga ovoz bergan Qozog‘iston xalqidan, partiyadoshlarimdan va mamlakat rahbariyatidan menga bildirilgan ishonch uchun minnatdorman.
Fojiali yanvar voqealari tinch osmonsiz, Qozog‘iston xalqining birligisiz mamlakatimiz ravnaqi va yanada rivojlanishi bo‘lmasligini ko‘rsatdi.
Bo‘lib o‘tgan hamma narsa butun xalqimiz uchun katta fojiadir”, degan Darig‘a Nazarboyeva.
58 yoshli Nazarboyeva 2021 yil yanvaridan beri parlament deputati lavozimida ishlab kelayotgan edi. Yillar davomida u parlament Senati (yuqori palatasi) raisi, Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari, respublika birinchi prezidenti jamg‘armasi direktori bo‘lib ishlagan.
Avvalroq, “Nur Otan” partiyasi deputati Aydos Sarim Nazarboyevning qizi yanvar voqealaridan keyin iste’foga chiqishi kerakligini aytgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, parlament deputati Darig‘a Nazarboyeva yanvar oyida bo‘lib o‘tgan talato‘plardan beri palata majlislariga kelmayotgandi. Uning yordamchisi ayni vaqtda Darig‘a Nazarboyeva maoshsiz ta’tilda ekanini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil yilning 2 may kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Senat Raisi Darig‘a Nazarboyevaning vakolatini tugatish to‘g‘risida farmonni imzolagandi. Shuningdek, uning xizmatlari uchun minnatdorlik bildirgan.
Darig‘a Nazarboyeva 2019 yilda otasi prezidentlikdan iste’foga chiqqach, Senat raisi etib saylangan edi. Undan avvalgi Senat raisi Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat Prezidenti bo‘lgandi.
LiveBarchasi