Qozog‘istonning sobiq malikasi qo‘riqchilarsiz ko‘rinish berdi
Olam
−
12 Sentabr 13756 2 daqiqa
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyeva 8 sentyabr kuni qayta ta’mirlangan Olma-otadagi “Selinniy” zamonaviy madaniyat markazida o‘tkazilgan yopiq tadbirda ishtirok etdi.
Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, 3 kun davomida madaniy markazga 12 mingga yaqin Olma-ota aholisi va mehmonlari tashrif buyurishga muvaffaq bo‘lgan, biroq aynan Nazarboyevaning ushbu tadbirda ko‘rinish berishi katta qiziqish uyg‘otgan.
Guvohlarning bildirishicha, Darig‘a Nazarboyeva qo‘riqlanmagan holda yolg‘iz o‘zi kelgan. U bir stakan shampan vinosi va guldastani ushlab, kechaning boshqa ishtirokchilari bilan faol muloqot qilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Selinniy” markazi asoschisi tadbirkor Qayrat Boranboyev bo‘lib, u avvalroq Nazarboyevlar oilasining qudasi bo‘lgan. Uning qizi Alima Darig‘a Nazarboyevaning 2020 yilda Londa fojiali tarzda vafot etgan o‘g‘li Oysultonga turmushga chiqqan edi.
“Forbes Kazakhstan”ning 2025 yil may oyidagi hisob-kitobiga ko‘ra, Darig‘a Nazarboyevaning boyligi 571 million dollarni tashkil etadi va bu unga mamlakatning 75 ta eng badavlat biznesmenlari ro‘yxatida 17-o‘rinni egallash imkonini berdi.
Darig‘a Nazarboyeva kim?
Qozog‘istonning sobiq rahbari Nursulton Nazarboyevning farzandlari orasida uning to‘ng‘ich qizi Darig‘a o‘zining siyosiy faoliyati bilan mashhur, u faoliyati davomida 3 marta parlament deputati bo‘lgan. Birinchi marta 2004 yilda “Asar” Respublika partiyasi ro‘yxatiga kiritilgan.
Darig‘a Nazarboyeva o‘shanda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari bilan shug‘ullangan, ijtimoiy-madaniy rivojlanish qo‘mitasini boshqargan va parlamentdagi partiya fraksiyasi rahbari bo‘lgan.
2015-2016 yillarda u bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy blokni ham boshqargan. Shundan so‘ng Darig‘a parlamentning yuqori palatasiga ishga o‘tdi va u yerda xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullandi.
2016 yilning sentyabr oyidan beri Darig‘a Qozog‘iston parlamenti Senati a’zosi, 2019 yilning martidan esa Senat raisi (spikeri) lavozimini egallab kelgan. Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi 2020 yilda Qozog‘istonning yangi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev farmoni bilan bu lavozimni tark etgan edi.
2022 yilning fevralida esa Darig‘a Qozog‘iston parlamenti majlisi deputatligidan ketishga qaror qildi. 2021 yilning yanvar oyidan buyon VII chaqiriq deputati, Iqtisodiy islohotlar va mintaqaviy rivojlanish qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan.
Hozirda Darig‘a Nazarboyeva jamoat faoliyati bilan shug‘ullanadi, Nursulton Nazarboyev jamg‘armasiga rahbarlik qiladi, shuningdek, “Qozog‘iston ayollar kuchlari ittifoqi” ayollar kuchlari uyushmasi vasiylik kengashi raisi hisoblanadi.
Live
Barchasi