“Qozoq malikasi” parlamentdan ketishini e’lon qildi
Olam
−
25 fevral 2022
7617Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi, mamlakat Majlisi (parlament quyi palatasi) deputat Darig‘a Nazarboyeva vakolatini muddatidan oldin tugatishga qaror qildi. Bu haqda uning bayonotida aytilgan.
Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan bayonotda u butunlay ijtimoiy, gumanitar, madaniy va xayriya tadbirlariga e’tibor qaratishni rejalashtirayotganini aytgan.
“Men “Nur Otan” partiyasiga ovoz bergan Qozog‘iston xalqidan, partiyadoshlarimdan va mamlakat rahbariyatidan menga bildirilgan ishonch uchun minnatdorman.
Fojiali yanvar voqealari tinch osmonsiz, Qozog‘iston xalqining birligisiz mamlakatimiz ravnaqi va yanada rivojlanishi bo‘lmasligini ko‘rsatdi.
Bo‘lib o‘tgan hamma narsa butun xalqimiz uchun katta fojiadir”, degan Darig‘a Nazarboyeva.
Avvalroq, “Nur Otan” partiyasi deputati Aydos Sarim Nazarboyevning qizi yanvar voqealaridan keyin iste’foga chiqishi kerakligini aytgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, parlament deputati Darig‘a Nazarboyeva yanvar oyida bo‘lib o‘tgan talato‘plardan beri palata majlislariga kelmayotgandi. Uning yordamchisi ayni vaqtda Darig‘a Nazarboyeva maoshsiz ta’tilda ekanini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil yilning 2 may kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Senat Raisi Darig‘a Nazarboyevaning vakolatini tugatish to‘g‘risida farmonni imzolagandi. Shuningdek, uning xizmatlari uchun minnatdorlik bildirgan.
Darig‘a Nazarboyeva 2019 yilda otasi prezidentlikdan iste’foga chiqqach, Senat raisi etib saylangan edi. Undan avvalgi Senat raisi Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat Prezidenti bo‘lgandi.
LiveBarchasi