OTMga qabul, Sirdaryodagi suiqasd, Karimovning so‘ziga kirmagan Jo‘rabekov... Bugun nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

Nihoyasiga yetayotgan 11 iyul sanasi nimasi bilan yodda qoladi. Bugun ro‘y bergan eng muhim voqealarning qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

O‘zbekistonda soliq tizimi soddalashtiriladi – Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10 iyul kuni “Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. 

OTMlarga hujjat topshirishda yangi rekord o‘rnatildi

Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish jarayoni kechmoqda. Abituriyentlar orasida yosh bo‘yicha rekord yangilandi. Surxondaryo viloyatida hozirgacha hujjat topshirganlar orasida eng yoshi keksa abituriyent ro‘yxatga olindi.

Ahmadboydan o‘rnak olib... Umarboy ham odamlarni chuv tushirgan

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi binosida viloyatdagi sudlarning 2019 yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilinishicha, xalq orasida “Umarboy” nomi bilan tanilgan “tadbirkor” Olim Rajabov va uning sheriklari ustidan sud ishi bugungi kunda Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Mudofaa vaziri AQSHga nima maqsadda tashrif buyuradi?

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyumning ma’lum qilishicha, joriy haftada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov AQSHga safar qiladi.

Andijonda yangi gaz koni ochildi (video)

Farg‘ona vodiysida yangi "Chaqar" gaz koni ochildi. Bu haqda "O‘zbekneftgaz" AJ matbuot xizmati ma’lum qildi. "Chaqar" koni Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida joylashgan. Mutaxassislar shu yilning mart oyida 2-quduqda burg‘ilash ishlarini boshlagandi.

SSV shifokorlarga navbatdagi suiqasd haqida ma’lumot berdi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filialida shifokorlarga tan jarohati yetkazildi. Filialning shoshilinch bolalar bo‘limiga joriy yil 8 iyul kuni 2015 yilda tug‘ilgan, bemor M.S. “O‘tkir respirator kasallik. Gipertermik sindrom” tashxisi bilan og‘ir ahvolda yotqizilgan. 10 iyul kuni bemorda bezovtalik, ko‘ngil aynib qayt qilish kuzatilgan. Vrach-pediatr  N.Esanova  tomonidan bemor zudlik bilan bolalar reanimatsiya bo‘limiga olib chiqilib, reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Shunga qaramasdan soat 12:10 da bemorda biologik o‘lim kuzatilgan. Bu haqda ota-onasiga xabar berilgach, soat 14:30 lar atrofida bolaning otasi pichoq bilan filialning bolalar reanimatsiyasi shifokori A.R. va viloyat bolalar qo‘p tarmoqli tibbiyot markazining bolalar reanimatsiyasi shifokori A.B.ga qasddan jarohat yetkazgan. Vrach A.R.ga  tibbiy yordam ko‘rsatilib, jarohatiga choklar qo‘yilgan. Vrach A.B.ning bosh qismi sanchilib kesilgan jarohatiga  choklar qo‘yilib, gospitalizatsiya qilingan.

Endi qurol uchun litsenziyani Milliy gvardiya beradi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Kiritilgan o‘zgartirishlar qo‘riqlash xizmati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya organlariga o‘tganligi bois ba’zi ob’ektlarni qo‘riqlashga Milliy gvardiya organlari mas’ul ekanligini nazarda tutadi.

SamDU muammolari avtobusda hal etilmoqda

Ayrim OTMlarga hujjat topshirish jarayonida abituriyentlarning uzundan-uzun navbatlari yuzaga kelgani haqida ma’lum qilgan edik. Bunday holatning kelib chiqishiga DTMning hujjat qabul qilishdagi onlayn tizimida kelib chiqqan nosozliklar sabab bo‘lgani aytilayotgan edi. Bunday holatni Samarqand davlat universitetidagi qabul jarayonida ham kuzatgan edik.

“Xalq prokuraturasi” shakllantiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ish boshlaganiga hali bir oy ham to‘lmagan Nig‘matilla Yo‘ldoshev 8-9 iyul kunlari mamlakatning eng chekka hududlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga bordi. 

Bosh prokuror tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, bo‘sh bino va ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish va boshqa dolzarb vazifalar ijrosi, shuningdek, prokuratura organlarining joriy 6 oylik faoliyati bilan tanishgan. 

Karimovning so‘zini ikki qilib tirik qolgan mulozim xotiralari

Ismoil Jo‘rabekov. Bu nom O‘zbekiston siyosiy doiralarida alohida hurmat bilgan tilga olinadi. 1990 yillarda davlat agrosanoatini boshqargan, 1994-1998 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, 2000-2004 yillarda esa O‘zbekiston Prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi, Hukumat raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan Jo‘rabekov mamlakatda eng og‘ir o‘tish davrlarida turli topshiriqlarni bajarishda jonbozlik ko‘rsatgan. Hatto, hayotini xavf ostiga qo‘ygan. U Birinchi Prezident Islom Karimovning so‘zini ikki qilganlardan biri.

Samandar Qo‘qonov: Mutlaqo aybsizman!

Islom Karimov davrida 24 yil hibsda saqlangan Samandar Qo‘qonov O‘zbekiston eng uzoq qamoqda o‘tirgan mahbus sanaladi. U O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 1994 yil 23 avgust hukmiga ko‘ra, 1959 yil tahriridagi Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 20 yil ozodlikdan mahrum etilgan. 

Qo‘qonov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga oqlashni so‘rab kassatsiya tartibida shikoyat keltirgani, 2019 yil 10 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ajrimi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 1994 yil 23 avgustdagi hukmi o‘zgartirilgani haqida xabar bergan edik. 

Rossiyani qayta nomlash taklif qilindi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning siyosiy masalar bo‘yicha maslahatchisi Nikita Poturayev Rossiya va rus tilini qayta nomlashni taklif qildi.

Poturayev rus tilini rossiya tili deb atashni taklif qildi. Uning fikricha, Rossiya va Ukrainada rus tilining turli dialektlarida so‘zlashishadi. Shu sababdan ularni alohida nomlar bilan atash kerak.

Chexiyada o‘zbekistonlik vafot etdi

Chexiyaning Karlovy Vary shahrida O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi halok bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha, 10 iyul kuni Karlovy Vary shahridagi sanatoriylardan birida O‘zbekiston fuqarosi N. J.  vafot etdi.

Xo‘roz sudlandi. U endi tovuqxonadan chiqmaydi

Fransiyada saharlab odamlarni uyg‘otayotgan “baqiroq” xo‘roz sudlanayotgani haqida xabar bergan edik. Xo‘rozning sudga tortilishi bilan bog‘liq holat Shveysariyada ham qayd etildi. Bu haqda mahalliy nashrlar yozmoqda. 

Shveysariyaning Syurix kantoni aholisi uyi yaqinida avtoturargohda tovuqxona ochgan kishini sudga berdi. 

O‘FA nega “Milliy”ga serqatnov bo‘lib qoldi?

Yaqindagina O‘FA vitse-prezidentligiga kelgan sobiq refere Ravshan Ermatov “Milliy” stadionining bugungi holati, maydon chimining rasmiy o‘yinlarga qanchalik tayyor ekanligini o‘rganmoqda.

Ma’lumot uchun, joriy yilning sentyabr oyidan boshlab O‘zbekiston Milliy terma jamoasi 2022 yili Qatarda o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etish uchun saralash o‘yinlarida qatnashadilar.

“Real” Beyl, Xames va Iskoni bir futbolchiga almashmoqchi

Madridning “Real” klubi rahbariyati “Manchester Yunayted” klubi yarim himoyachisi Pol Pogbani jamoaga qo‘shib olish uchun uch nafar futbolchisini uning o‘rniga berib yuborishga tayyor.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing