Olmaotada namoyishchilar hokimiyatga shart qo‘ydi va muhlat berdi

Olam

image

Bugun, 13 fevral kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tkazilgan norozilik namoyishi ishtirokchilari oldiga shahar prokurori o‘rinbosari Nazarboy Ibraymoldayev va Jamoat taraqqiyoti boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aydar Yesenbekov chiqdi. Bu haqda Orda.kz xabar berdi.

Hokimiyat va prokuratura vakillari namoyishchilardan tarqalishni so‘ragan.

“Miting ruxsatsiz o‘tganini aytishga keldik. Namoyishchilar soat 12:00 dan beri bu yerda, ular o‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirishdi, ammo tarqalish vaqti keldi”, degan Aydar Yesenbekov.

Bu orada politsiya namoyish o‘tkazilayotgan maydonga mahbuslar tashiladigan mashinani olib kelgan va namoyishchilarga yegulik olib kelish uchun ketgan to‘rt kishini hisbga olgan.

Ular Bo‘stondiq tuman politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Namoyishchilar hibsga olinganlarni ozod qilish va Mustaqillik maydoniga olib kelishni talab qilgan. Prokuratura vakili mitingni to‘xtatish sharti bilan ularning talablarini bajarishga rozi bo‘lgan.

Faollar hibsga olinganlar bo‘yicha qaror qabul qilinmasa, 20 kundan keyin yana miting o‘tkazishlarini aytishgan.

“Bugun 40-kun munosabati bilan xotirlayapmiz, 2 oydan beri tergov harakatlari olib borilmoqda. Ularda mahbuslar bo‘yicha qaror qabul qilish uchun hali vaqt bor. Agar bu amalga oshmasa, 20 kundan keyin mitingga chiqamiz”, degan namoyishchilar.

Bunga javoban shahar prokuraturasi xodimlari “Qonli yanvar” voqealarida halok bo‘lgan va hibsga olinganlarning yaqinlarining ko‘rsatmalarini qabul qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Olmaota prokurori o‘rinbosari Nazarboy Ibraymoldayev hech kimni e’tiborsiz qoldirmaslikka va’da bergan. U namoyishchilarni 10 kishilik guruhlarga bo‘lishni taklif qilgan, namoyishchilar rozi bo‘lishgan.

Namoyishchilar va prokuratura vakillari kelishgach, hibsga olingan 4 kishi qo‘yib yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, sal avval Prezident Qosim-Jomart To‘qayev “Hazrat Sulton” masjidiga borib, xalqqa murojaat qildi. 

Ma’lumot uchun, “Qonli yanvar” fojiasida ham namoyishchilar asosan Nazarboyev va uning oilasiga qarshi talablarni qo‘ygan edilar. Shuningdek, namoyishchilar orasida bo‘lgan Qozog‘istonning badavlat tadbirkorlaridan biri, sobiq deputat va siyosatchi Bulat Abilov hukumat yanvar voqealari vaqtida terrorchilar deya aytilgan odamlarni hukumat o‘zi tayyorlaganini aytdi.

Nazarboyevning siyosiy intihosi

2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.

Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi. 

Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi

28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi

2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

313

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing