Olma-otada 4 yashar qiz boshidan o‘q yeb, vafot etdi
Olam
−
08 yanvar 2022
15012Olma-otadagi otishmalar vaqtida 4 yashar qiz ham halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy nashrlar bong urmoqda.
Ayni vaqtda shahardagi morg yaqinlarining jasadini olib ketishga kelganlar bilan gavjum. Orda.kz Gulnora Bajkenova marhumlarning yaqinlari bilan muloqot qilish jarayonida, 4 yashar qizidan ayrilgan Aydos Meldixonni uchratdi. Uning qizi 6 yanvar kuni kechqurun akasi bilan mashinada ketayotganda vafot etgan.
Aydosning so‘zlariga ko‘ra, ular oziq-ovqat olish uchun ko‘chaga chiqishgan va maydon yonidan o‘tishgan. Mashinada Aydosning akasining yana ikkita ikkita farzandi ham bo‘lgan. Ular jarohat olgan, 9-sinf o‘quvchisi esa reanimatsiyada.
“Qizimning boshidan o‘q tegdi”, deydi ota.
Uning qayd etishicha, yarador bolalarni mashinada akasi shifoxonaga olib ketgan.
Ayni vaqtda Hukumat namoyishchilar va tinch aholi orasida necha kishi qurbon bo‘lgani haqida aniq ma’lumot bergani yo‘q. Aydos Meldixonning qizi kabi qurbon bo‘lganlar kimning o‘t ochishi sabab vafot etgani ham ma’lum emas.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
5 yanvar kuni, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi