Oq uy Ukrainaga zamonaviyroq qurollar yetkazib berishni o‘ylamoqda – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati yevropalik hamkorlari bilan Ukraina Qurolli Kuchlariga zamonaviyroq havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa qurollarni topshirish bo‘yicha maslahatlashmoqda. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar tarqatdi.

Qayd etilishicha, bu mavzu atrofidagi munozaralar Pentagon rahbari Lloyd Ostinning Slovakiyaga rejalashtirilgan safari arafasida davom etmoqda. Slovakiya Polsha va Ruminiya bilan birgalikda Ukrainaga qurol yetkazib berishga rozi bo‘lgan.

Slovakiyada ham ukrainaliklarga yaxshi ma’lum bo‘lgan, dushman samolyotlarini urib tushirish uchun ishlatiladigan S-300 zenit-raketa majmuasi mavjud.

Nashr manbalariga ko‘ra, Pentagon Slovakiya bilan Ukrainaga gumanitar yordam va yoqilg‘i o‘tkazish uchun keng temir yo‘llardan foydalanish bo‘yicha kelishib olishi mumkin.

Hozirda, Pentagon hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina Harbiy-havo kuchlarida 56 ga yaqin qiruvchi samolyotlar bor, bu urush boshlanishiga qadar Ukraina Harbiy-havo kuchlari imkoniyatlarining qariyb 80 foizini tashkil qiladi.

Qayd etilishicha, Ukraina qiruvchi samolyotlarini yo‘qotmagan, chunki u dron va “yer-havo” sinfidagi raketalaridan foydalangan.

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevropa davlatlari va AQSH Ukrainaga qurol yetkazib berayotganiga norozilik bildirgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

26

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing