Lavrov Yevropa Ukrainaga qurol yetkazib berayotganidan nolidi
Olam
−
10 mart 2022
11293Ukrainaga qurol yuborayotganlar o‘z harakati uchun javobgarlikni zimmasiga oladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Turkiyaning Antaliya shahrida mezbon davlat TIV rahbari Mavlud Chavusho‘g‘li va Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan muzokaralardan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Ukrainaga xorijdan qurol yetkazib berish masalasiga kelsak, ha, biz g‘arblik hamkasblarimiz, jumladan, Yevropa Ittifoqi qanchalik xavfli harakat qilayotganini ko‘rib turibmiz”, degan Lavrov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “g‘arblik hamkasblar” o‘zlarining barcha tamoyillari va qadriyatlarini buzgan holda, aslida Ukrainaga halokatli qurollar, jumladan, yelkada istalgan joyda olib yurish mumkin bo‘lgan minglab ko‘chma zenit-raketa komplekslarini yetkazib berishni kengaytirmoqda.
“Biz Yevropa Ittifoqidagi hamkasblarimizga mana shu minglab ko‘chma zenit tizimlari qayerga tushadi, degan savol beramiz”, deydi Lavrov
Shuningdek, u Moskva Pentagon Ukrainada biologik labortoriyalar tashkil qilganidan xavotirda ekanini urg‘uladi.
“Pentagon Ukrainada harbiy maqsadlarda o‘nlab biologik laboratoriyalar tashkil etgani haqidagi xabarlardan xavotirdamiz. Bizga bu boradagi savollarga javob kerak”, deya qo‘shimcha qilgan vazir.
Avvalroq, bugun, 10 mart kuni Antaliya shahrida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li o‘rtasida uchrashuv boshlangani haqida xabar bergandik.
Bu ikki davlat TIV rahbarlarining Ukrainada Rossiya Qurolli kuchlari harbiy harakatlar boshlaganidan keyin o‘tkazayotgan ilk muzokarasi.
Kuleba uchrashuvdan keyin 24 soatlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmaganini, ammo Ukraina yana shunday formatdagi uchrashuvdan bosh tortmasligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Rossiya-Ukraina urushi boshlanishidan oldin va undan keyin G‘arb davlatlari Kiyevga ko‘plab MANPADS va Javelin tankka qarshi raketalarini yetkazib bergandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi