“Odamlar endi 30 yil kutmaydi.” Qozoq siyosatshunosi Hukumat nimalar qilishi kerakligini aytdi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev yanvardagi tartibsizliklarni bostirish vaqtida tinch aholi vakillari o‘lganini tan olishi va mustaqil surishtiruv o‘tkazilishiga yo‘l ochishi kerak. Qozog‘istonlik siyosatshunos Dosim Satpayev bugun, 13 fevral kuni Olmaotada o‘tkazilayotgan kelishilmagan namoyishlarga kelib, Orda.kz muxbiri bilan suhbatda shunday fikr bildirgan.

Siyosatshunos Satpayev namoyish joyiga halok bo‘lganlarni xotirlash va ularning qarindoshlariga hamdardlik bildirish uchun kelganini aytgan.

“Men fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamoqchiman, chunki Qozog‘istonda jamiyat ancha o‘zgargan deb o‘ylayman. Bu yanvar voqealari bilan bog‘liq emas, u Janaozen voqealari va “quruqlik mitinglari”dan ancha oldin o‘zgara boshladi. Men o‘lganlarni xotirlash, yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildirish uchun keldim. Bu juda muhim, chunki biz bunday katarsisdan o‘tishimiz kerak”, degan siyosatshunos.

U Prezident To‘qayev Hazrat Sulton masjidida bo‘lib, tartibsizliklar vaqtida vafot etganlar xotirasini yod etganiga to‘xtalib, davlat rahbari bu ishn avvalroq qilishi kerakligini aytib o‘tdi.

“To‘qayev bugun masjidda bo‘ldi, lekin menimcha hamdardlik ancha oldinroq bildirilishi kerak edi. Tinch aholi halok bo‘lganini tan oling, mustaqil tergov o‘tkazing. 20 ming terrorchi haqidagi ma’lumot noto‘g‘ri ekanini tan olish kerak”, deydi Dosim Satpayev.

Siyosatshunosning fikricha, bunday mitinglar odamlar o‘zgarish va islohotlar talab qilayotganini va hukumatda bu uchun vaqt u qadar ko‘p emasligini ko‘rsatadi.

“Odamlar endi 30 yil kutishni xohlamaydilar, ularga kosmetik o‘zgarishlar kerak emas. Ular tizimli bo‘lishi kerak. Yanvar voqealari shuni ko‘rsatdiki, agar bu o‘zgarishlar ro‘y bermasa, keyingi ijtimoiy portlashlar yanada kuchliroq bo‘lishi mumkin”, degan Satpayev.

Eslatib o‘tamiz, sal avval Prezident Qosim-Jomart To‘qayev “Hazrat Sulton” masjidiga borib, xalqqa murojaat qildi. 

Ma’lumot uchun, “Qonli yanvar” fojiasida ham namoyishchilar asosan Nazarboyev va uning oilasiga qarshi talablarni qo‘ygan edilar. Shuningdek, namoyishchilar orasida bo‘lgan Qozog‘istonning badavlat tadbirkorlaridan biri, sobiq deputat va siyosatchi Bulat Abilov hukumat yanvar voqealari vaqtida terrorchilar deya aytilgan odamlarni hukumat o‘zi tayyorlaganini aytdi.

Nazarboyevning siyosiy intihosi

2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.

Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi. 

Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi

28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi

2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

109

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing