Nazarboyev qaysi Prezident bilan aloqa qilib turgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Xabaringiz bor, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev mamlakatga do‘st bo‘lgan davlatlarning rahbarlari bilan bir necha bor telefon orqali muloqot o‘tkazgan edi. Ammo bu qaysi mamlakatlar ekaniga aniqlik kiritilmagandi.

Belarus Prezidenti Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, kecha, 7 yanvar kuni kechqurun Prezident Aleksandr Lukashenko Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qilgan.

“Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Qozog‘istonning sobiq Prezidenti va respublika Xavfsizlik kengashining sobiq rahbari Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali suhbatlashdi. Ular suhbat chog‘ida Qozog‘istondagi vaziyatni batafsil muhokama qildi”, deyiladi Matbuot xizmati xabarida.

Qayd etish kerak, bu Qozog‘istondagi vaziyatni muhokama qilishda Nazarboyevning ishtiroki haqidagi birinchi rasmiy bayonotdir. Hozircha bo‘layotgan voqealarga sobiq Prezidentdan hech qanday munosabat bildirilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Elboshi Nursulton Nazarboyevning sobiq saroyiga o‘t qo‘yilgan, haykallari qo‘porilgan. U Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini ham vorisi To‘qayevga topshirgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u ayni vaqtda Nur-Sultonda bo‘lib turibdi. Uning oila a’zolari bilan mamlakatni tark etgani haqidagi gaplar tasdig‘ini topmadi.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

549

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing