Navbat Qoraqalpog‘istonga: barcha ta’lim muassasalarida qishki ta’til uzaytirildi
Jamiyat
−
12 yanvar 2023
5646Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha oliy ta’lim muassasalari va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ta’til vaqti 16 yanvargacha uzaytirildi. Bu haqda respublika Jo‘qorg‘i Kengesi ma’lum qildi.
“Hozirgi vaqtda respublikamiz hududida ob-havoning keskin sovib ketishi bilan bog‘liq vaziyatda gaz tarmoqlariga bosimning kuchayishi sababli avariya holatlari yuzaga kelmoqda. Shu bilan bir qatorda, iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz iste’moliga bo‘lgan talabning ortishi natijasida gaz yetishmasligi kuzatilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
- vaziyat barqaror holatga qaytgunicha favqulodda vaziyatlarga javob berish bo‘yicha tezkor shtab tashkil etiladi;
- barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (“metan zapravka”lari) va umumiy ovqatlanish joylariga tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatiladi;
- barcha oliy ta’lim muassasalari va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ta’til vaqti 16 yanvargacha uzaytiriladi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan aholining har kunlik jamoat transportlariga bo‘lgan talabini hisobga olgan holda va doimiy transport xizmatini tashkil qilish maqsadida jamoat transportlariga benzin uchun kompensatsiya mablag‘lari to‘lab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyati umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’lim jarayonlarining boshlanishi 11 yanvardan 16 yanvarga ko‘chirilgani haqida xabar berilgandi.Bundan tashqari, Buxoro viloyat hokimligi tomonidan o‘qish boshlanishi 16 yanvarga ko‘chirildi.
Shuningdek, joriy yilning 11 yanvaridan Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida ularning sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, bosqichma-bosqich hamda Sirdaryo viloyatidagi mavjud maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari uchun 13 yanvardan, boshlang‘ich sinf hamda bog‘chalarda esa 16 yanvardan dars va mashg‘ulotlar boshlanishi haqida xabar berilgandi.
Bundan tashqari, Andijon va Xorazm viloyatlaridagi maktablarda 11 yanvardan ta’lim jarayonlari tiklanishi ma’lum qilingandi.
Shu bilan birga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanishini e’lon qilgandi.
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi esa joriy yilning 5 yanvar kuni anomal sovuq sabab O‘zbekistondagi barcha maktablarda qishki ta’til 17 yanvargacha uzaytirilgani, 2022-2023 o‘quv yilining III choragi 2023 yilning 18 yanvaridan boshlanishini bildirgandi.
Gidrometeorologiya xizmati markazi esa mamlakatda anomal sovuq hafta oxirigacha davom etishini aytmoqda.
LiveBarchasi