NATO Ukraina masalasida favqulodda sammit o‘tkazmoqda

Olam

image

Ertaga, 24 mart kuni Bryusselda NATOga a’zo davlatlar rahbarlarining Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha favqulodda sammiti bo‘lib o‘tadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy sammitda videoformatda qatnashadi. 

Zelenskiy sammitda NATO a’zolarini Ukraina uzra parvozlar taqiqlangan hudud yaratish va havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashga chaqiradi. Liderlar Rossiya-Ukraina urushi va Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirganidan keyin sodir bo‘lgan voqealarni muhokama qiladi. 

“Biz Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlarini, Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni muhokama qilamiz”, degan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg. 

Shimoliy Atlantika alyansi vakilining so‘zlariga ko‘ra, sammitda Zelenskiy so‘zlaydigan nutq alyans yetakchilarida bevosita Ukrainadagi vaziyat haqida eshitish imkoniyatini paydo qiladi. 

Qayd etilishicha, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan alyans a’zolaridan birining iltimosiga ko‘ra, ehtimoliy kiberhujumga NATO tomonidan jamoaviy javob berilishi mumkinligini tan olgan. 

“O‘tgan yilning iyun oyida NATO yetakchilari sammitga yig‘ilganda biz [Vashington Kollektiv mudofaa shartnomasining] 5-moddasini kiberhujumlar bilan bog‘lovchi bayonot taqdim etgan edik. Biz bunda bir [NATO] ittifoqchisi kiberhujumga jamoaviy alyansni javob berishga chaqirishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni ko‘rishimiz mumkin. Bu harbiy javob bilan bir xil bo‘lishi shart emas. Bunday javob turli shakllarda bo‘lishi mumkin. Lekin biz NATO hujjatlarida kiberxavfsizlik alyans masalasi ekanligini, NATO barqarorlikni oshirish, mudofaani kuchaytirish va birgalikda kuchlarni birlashtirishga tayyor bo‘lgan muammo ekanligini aniq ko‘rsatib berdik”, degan Sallivan. 

Avvalroq, Zelenskiy Bryusselda uchrashadigan G7 davlatlari (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Yaponiya) yetakchilariga videoaloqa orqali murojaat qilishi haqida xabar bergandik. 

Ma’lumot o‘rnida, Germaniya kansleri Olaf Shols G7 mamlakatlari rahbarlarini 24 mart kuni bo‘lib o‘tadigan NATO va Yevropa kengashi sammitlari doirasida Bryusselda uchrashishga taklif qilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing