Moskva Kiyevni “yadroviy terrorizmda” aybladi

Olam

image

Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm aktidir va Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin. Bu haqda bugun, 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya TIV Axborot va matbuot departamenti direktori o‘rinbosari Ivan Nechayev ma’lum qildi. 

“So‘nggi kunlarda Ukraina bo‘linmalari Zaporoje atom elektr stansiyasi hududini bir necha bor o‘qqa tutdi, bu yadroviy terrorchilik aktidir. Kiyev rejimining bunday harakatlari Chernobil AESdagi avariyadan ancha oshib ketadigan falokatga olib kelishi mumkin”, deydi u. 

Ta’kidlanishicha, radiatsion zarar zonasi nafaqat Ukraina, Rossiya, Donetsk va Luganskning yaqin hududlariga, balki Yevropa mamlakatlari hududiga ham ta’sir qilishi va millionlab odamlarning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin 

Uning eslatishicha, 11 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik kengashining ushbu masala bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.  

“Biz xalqaro hamjamiyat va tegishli xalqaro tuzilmalar yuzaga kelayotgan halokatli vaziyatga tegishli darajada e’tibor qaratishini kutamiz. Biz BMT Kotibiyati Xavfsizlik departamenti qarori bilan iyun oyida to‘xtatilgan Zaporoje AESda Xalqaro atom energiyasi agentligi missiyasini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya xulosa qildi diplomat. 

Ma’lumot uchun, Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.

Avvalroq, UNIAN nashri 5 avgust kuni rus bosqinchilari Zaporoje AESiga to‘rt marta o‘q uzgani haqida ma’lumot bergan edi. Shuningdek, Zaporoje atom elektr stansiyasi bosqinchilar tomonidan o‘qqa tutilganidan so‘ng, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy davlatlarni butun Rossiya atom sanoatiga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy etishga chaqirgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Zaporoj'e AES

Baholaganlar

3

Reyting

3.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing