MAGATE avtomobili Zaporoje AESga ketayotganda dron hujumiga uchradi
Olam
−
09:46
2452Ukrainadagi Zaporoje atom elektr stansiyasiga ketayotganda Atom energiyasi bo‘yicha Xalqaro agentlikning (MAGATE) rasmiy avtomobiliga dron bilan zarba berildi va unga jiddiy zarar yetkazildi. Bu haqda kecha, 10 dekabr kuni MAGATE vakillari X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Tashkilot rahbari Rafael Grossi harbiy mojaro paytida yadroviy avariyaning oldini olish uchun ishlayotgan agentlik xodimlariga qilingan hujumni qabul qilib bo‘lmaydigan holat, deb atagan.
Ayni paytda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy sodir bo‘lgan voqealarda Moskvani aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, MAGATE vakillariga Rossiyaning First Person View droni hujum qilgan.
“Zarba karvondagi mashinalardan biriga tegdi. Ushbu hujum Rossiyaning xalqaro huquq, xalqaro institutlar va xavfsizlik bilan bog‘liq hamma narsaga qanday qarashini yaqqol ko‘rsatdi. Ular o‘z maqsadlaridan bexabar qolishi mumkin emas edi. Ular nima qilayotganlarini aniq bilgan va ongli ravishda harakat qilgan”, deydi Ukraina rahbari.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hujumga javoban ham MAGATE, ham boshqa xalqaro hamkorlar tomonidan aniq va qat’iy munosabat bo‘lishi kerak.
“Jimlik yoki harakatsizlik faqat keyingi jinoyatlarni rag‘batlantiradi”, deydi u.
Zaporoje AES Ukraina va Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasidir. To‘liq miqyosli bosqinning birinchi haftalarida stansiya rossiyalik harbiylar tomonidan ishg‘ol qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan Zaporoje atom elektr stansiyasining sovitish minorasida yong‘in sodir bo‘lgandi.
LiveBarchasi