BMT Zaporoje AESdan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi. O‘zbekiston betaraf qoldi
Olam
−
12 iyul
5316Kecha, 11 iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Ukrainadagi yadroviy inshootlar xavfsizligi bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini qabul qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Rossiyadan qo‘shinlarini Zaporoje atom elektr stansiyasidan olib chiqib ketish talab qilingan. Tashabbusni 192 davlatdan 99 tasi qo‘llab-quvvatladi. 9 delegatsiya qarshi ovoz berdi, 60 tasi betaraf qoldi.
Jumladan, Belarus, Burundi, Shimoliy Koreya, Kuba, Mali, Nikaragua, Rossiya, Suriya va Eritreya rezolyutsiyaga qarshi chiqqan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston, jami 60 nafar davlat betaraf qolgan. Turkmaniston ovoz berishda qatnashmagan. Betaraf qolganlar orasida Jazoir, Armaniston, Vetnam, Xitoy, Meksika, Mo‘g‘uliston, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar ham bor.
Rezolyutsiya mualliflari Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari, jumladan, uning suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligiga sodiqligini bildirgan.
Qayd etilishicha, Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan qarorlar maslahat xarakteriga ega va uni qabul qilish majburiy emas. Hujjat “Ukrainadagi atom inshootlarining, shu jumladan Zaporoje atom elektr stansiyasining texnik va jismoniy xavfsizligi” deb nomlanadi. U 13 banddan iborat. Bandlardan birida Rossiya Federatsiyasidan ushbu AESdagi o‘z harbiy xizmatchilari va boshqa ruxsatsiz xodimlarni zudlik bilan olib chiqib ketishni talab qilingan. Ta’kidlanishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududidan “xalqaro tan olingan chegaralar doirasida” chiqib ketishi kerak.
Ma’lumot uchun, 2022 yil oktyabr oyidan beri Zaporoje AES “Rosatom” ning sho‘ba korxonasi “Rosenergoatom” OAJ nazorati ostida. 2024 yil 21 iyun kuni Ukraina harbiylari Raduga podstansiyasiga hujum qilishi oqibatida transformator shikastlandi. 26 iyun kuni Velikaya Znamenkadagi stansiyaning radiatsiya nazorati posti artilleriyadan o‘qqa tutilishi tufayli yo‘q qilindi. 3 iyul kuni podstansiyaga dron hujumi oqibatida Zaporoje AESning sakkiz nafar xodimi jarohat oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zaporoje AESga dron hujumi oqibatida reaktor qobig‘iga zarar yetgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi