Mirziyoyev Putin bilan tojik-qirg‘iz mojarosi haqida gaplashdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Unda Prezidentlar tojik-qirg‘iz chegarasidagi mojaro haqida ham suhbatlashgan.

Kreml rasmiy saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatni, shu jumladan, tojik-qirg‘iz chegarasidagi so‘nggi voqealarni hisobga olgan holda, Prezidentlar mojaroni siyosiy va diplomatik vositalar bilan hal qilish bo‘yicha Dushanbe va Bishkek o‘rtasidagi kelishuvlarni olqishlagan.

Ular vaziyatni yanada barqarorlashtirish uchun har tomonlama yordam berishga tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqlagan.

Shuningdek, turli darajadagi aloqalarni davom ettirishga kelishib olingan.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro

Joriy yilning 28 aprel kuni Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.

Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

29 aprel kunining birinchi qismida boshlangan ikki o‘rtadagi otishma tomonlarning sa’y-harakatlari bilan kunning oxirida to‘xtatildi

Biroq, 29 aprel kuni tuzilgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulh uzoqqa bormadi. Ertasi kuni, ya’ni 30 aprelda yana harbiy harakatlar boshlangani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

Shu kunning o‘zida Japarov va Rahmon telefon orqali suhbatda may oyining ikkinchi yarmida Dushanbeda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan edi.

1 may kuni ikki davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitalari rahbarlari chegara hududida uchrashib, o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga kelishib oldi.

Shuningdek, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Tojikiston bilan chegaradagi mojaro tojik tomoni suv inshooti oldida kuzatuv kameralarini o‘rnatishni boshlashi ortidan boshlanganini ma’lum qildi.

2 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston harbiylar va harbiy texnikani chegaradagi qurolli to‘qnashuv zonasidan olib chiqishni boshladi.

Keyinchalik, Rasmiy Bishkek va Dushanbe chegaraning umumiy qismini tavsiflash jarayonini faollashtirishga kelishib olgani ma’lum qilindi.

Davlat chegarasini muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Nazarali uulu Talantbek Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi nazorat punktlari vaqtincha yopilganini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qirg‘iz-tojik davlat chegarasidagi vaziyat barqarorlashishi munosabati bilan qirg‘iz xalqiga murojaat qildi.

3 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradan qo‘shimcha harbiy kuchlarni to‘liq olib chiqdi.

Shu kuni 2010 yilda Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida yuz bergan voqealar vaqtida mamlakat Prezidenti bo‘lgan Roza Otunbayeva vatandoshlariga murojaat yo‘llab, otishmalarga tashqi kuchlar aloqadorligini aytdi.

Tojikiston Bosh prokuraturasi Qirg‘iziston bilan chegaradosh Isfara shahrining Chorkux qishlog‘iga qilingan hujum uchun qirg‘iz harbiy xizmatchilariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘adi.

Qolaversa, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov qirg‘iz-tojik chegarasida yuz bergan to‘qnashuvlar yuzasidan Qirg‘iziston tomoniga hamdardlik bildirdi.

Avvalroq Qirg‘iziston chegaradagi voqealarni harbiy bosqinchilik deb atagandi. Tojikiston ushbu mojaroni tajovuzkorlik deb baholadi.

4 may kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon tojik-qirg‘iz chegarasida yuz bergan to‘qnashuvlar natijasida vayron bo‘lgan tojikistonliklarning uylarini davlat byudjetidan qayta qurishga ko‘rsatma berdi.

Tojik-qirg‘iz mojarosidan so‘ng Qirg‘izistonning Botken viloyati rahbari ishdan olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Mirziyoev

Baholaganlar

60

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing