Yevropadagi alğov-dalğov, brazilyança saylov va Putin huzuriga yana bir taşrif
Tahlil
−
15:18 544 21 daqiqa
Braziliyada saylovlar butun dunyoning e’tiborida. Bir-birining uruğ-aymoğigaça haqoratlagan ikki nomzodning jonli efirdagi debatlari şov-şuvlarga sabab bölmoqda. Mamlakat esa katta tanlov yoqasida turibdi: bir nomzod AQŞ tomon, boşqasi esa Xitoy...
Uitkoff yana Putin huzurida. Uşbu taşrif Şarqiy Yevropadagi uruş vaziyatini yengillaştirişi mumkin. Muzokaralar muvaffaqiyatli bölgani aytilmoqda, ammo kim uçun? Ukraina yoki Trampning şaxsiy manfaatlari uçunmi?
Özbekistondan Hindistonga. Rubioning safar yönalişidagi ikkinçi nuqta – Hindiston. Dehlining Moskva bilan yaqinlaşuvi fonida amalga oşirilgan uşbu taşrif davomida nimalarga kelişildi? Rubio nima istaydi? Vaşington va Dehli örtasidagi aloqalar qaysi tomonga siljidi?
Yevropa alanga içida. Butun qit’ani qamrab olgan namoyişlar va turli davlatlardagi insonlarning turfa taşvişlari.
Braziliyada saylovlar
Odatda siyosiy şov-şuvlardan panada qoladigan Braziliya bugun intrigaga boy prezidentlik saylovlari bilan butun dunyo muhokamasiga tuşgan. 4 oktyabr kuni bölib ötgan birinçi bosqiçda sobiq prezident Jair Bolsonaroning öğli Flavio Bolsonaro amaldagi davlat rahbari Luis Inasiu Lula da Silvadan köproq ovoz töpladi. Bu natija şunçaki ikki siyosatçi örtasidagi raqobat emas, balki Braziliya içida keçayotgan mafkuraviy kuraşning aksidir. Bir tomonda mustaqil va BRICS doirasida faol amaldagi prezident, boşqa tomonda esa AQŞ bilan yaqin bölgan senator.
Braziliyada prezidentlik saylovlarining birinçi bosqiçi mamlakat siyosatidagi öng qanot kuçlarining ta’siri kutilganidan ança yuqori ekanini körsatdi. Amaldagi prezident Luis Inasiu Lula da Silva saylovda ğalaba qozoniş uçun asosiy favoritlardan biri sifatida körilgan bölsa-da, 4 oktyabr kuni ötkazilgan ovoz berişda uning raqibi, sobiq prezident Jair Bolsonaroning öğli Flavio Bolsonaro oldinga çiqdi. Endi ikki nomzod 25 oktyabr kuni bölib ötadigan ikkinçi bosqiçda mamlakat prezidentligi uçun kuraşadi. Biroq jarayonning eng qizğin qismi tomonlarning saylovoldi kampaniyasi, iqtisodiy islohotlari, ijtimoiy siyosati va taşqi aloqalar böyiça aniq takliflari emas, balki özaro korrupsiya ayblovlari, şaxsiy haqoratlar va siyosiy raqiblarning ötmişini muhokama qiliş bilan köproq şov-şuvlarga sabab bölmoqda.
Birinçi bosqiç natijalariga köra, Flavio Bolsonaro haqiqiy ovozlarning qariyb 47 foizini, Lula esa 45 foizga yaqinini oldi. Şu tariqa, Flavio köplab sörovnomalarda qayd etilgan kutilmalardan yuqori natija körsatdi. Uçinçi va törtinçi örinlarni egallagan nomzodlar esa mos ravişda taxminan 4 va 3 foiz ovoz töpladi. Ularning tarafdorlari ikkinçi bosqiçda kimni qöllab-quvvatlaşi saylov natijasiga sezilarli ta’sir körsatişi mumkin.
Amerika qit’asi jamiyati (AS/COA) tahliliga köra, Flavio Bolsonaroning muvaffaqiyati faqat uning şaxsiy siyosiy faoliyati bilan izohlanmaydi. Bu, avvalo, otasi Jair Bolsonaro atrofida şakllangan siyosiy harakat – bolsonarizmning saqlanib qolgan ta’sirini körsatadi. Flavio 56 milliondan ortiq saylovçining ovozini olgan. Uning Liberal partiyasi (PL) ham parlament saylovlarida sezilarli muvaffaqiyatga erişib, Deputatlar palatasidagi 513 örindan 121 tasini qölga kiritgan. Senatda esa partiya öz vakilligini 9 tadan 28 taga oşirib, eng yirik siyosiy guruhga aylangan edi. Bu natijalar prezidentlik saylovi kimning foydasiga yakunlanişidan qat’i nazar, mamlakatda öng qanot kuçlarining siyosiy ta’siri saqlanib qolişini anglatadi.
Biroq saylov kampaniyasining eng şov-şuvli qismi nomzodlarning teledebatlarida keçmoqda. 18 oktyabr kuni San-Pauluda bölib ötgan qariyb ikki soatlik ilk yuzma-yuz bahsda Lula va Flavio Bolsonaro bir-birini korrupsiya, yolğonçilik va siyosiy manfaatlarni közlaşda aybladi.
“Men Braziliya xalqiga bu mamlakatdagi öğri va korrupsionerlar aslida kimligini körsatişga tayyorman. Uning (Bolsonaroning) öz bank va telefon hisobotlarini oşkor qilişga jur’ati yetadimi-yöqmi, şuni körmoqçiman”, dedi Lula.
Bahsning eng keskin lahzalaridan birida Lula har ikki nomzodning ham şaxsiy moliyaviy operatsiyalarini tekşirişni taklif qilib, saylovgaça şubhali mablağlar masalasiga oydinlik kiritişga çaqirgan. Flavio esa raqibining korrupsiya bilan boğliq ötmişini tilga olib, uning prezidentlik davridagi faoliyatini tanqid qilgan. U törtinçi bor prezidentlikka intilayotgan Lulani “Sening davring ötdi, Braziliya allaqaçon seni nafaqaga çiqarib yuborişi kerak edi”, degan mazmunda masxara qilgan.
Amaldagi prezident esa öz navbatida, Flavioning AQŞ prezidenti Donald Trampga yaqinligini va Braziliyaning strategik foydali qazilmalariga oid siyosatini savol ostiga qöydi. U Bolsonaroni Braziliya resurslarini AQŞga topşiriş yölida til biriktirganlikda aybladi. Ayrim javoblar şaxsiy haqorat darajasiga tuşib ketdi: bahs davomida raqiblar bir-birining siyosiy merosi va oilasini ham nişonga oldi. Hatto Flavio keksa Lulani “töqqiz barmoq” deb masxara qilgan, ammo prezidentning raddiyasidan söng uzr söraşga majbur bölgan.
“Lula, agar seni “töqqiz barmoq” deb xafa qilgan bölsam, unda çin dildan uzr sörayman, çin dildan. Ammo menga bir narsa qiziq: sen qaçondir xavfsizlikdan aziyat çekayotgan braziliyaliklardan... qarzga botganlardan uzr söraysanmi?” degan u.
Lula fabrikada tokarlik stanogi operatori bölib işlayotgan paytida baxtsiz hodisa tufayli çap qölidagi jimjiloq barmoğini yöqotgan. Şu tufayli xalq orasida uning “töqqiz barmoq” laqabi keng tarqalgan. Ammo buni teledebatda senatorning aytişi heç qanday protokol qoidalariga ham, odob-axloq normalariga ham töğri kelmas edi. Lula ham Bolsonaroga saylovlar ötib bölgaç, uning daxlsizligi tugaşini, şunda uni qamatişini va’da qilgan.
Tomonlarning içki siyosat masalasida ham fikrlari turliça. Lula ijtimoiy himoya, tengsizlikni kamaytiriş va xalqaro hamkorlikni diversifikatsiya qilişni ta’kidlaydi. Flavio Bolsonaro esa xavfsizlik, korrupsiyaga qarşi kuraşiş va mamlakat byudjetini qisqartirişni ustuvor yönaliş sifatida körsatadi.
“Royal United Service Institute” (RUSI) taşkiloti tahliliga köra, Lula ğalaba qozonsa, mamlakat taşqi siyosatida strategik mustaqillik, köp tomonlama diplomatiya va Xitoy bilan hamkorlikni davom ettirişga urğu berilişi kutilmoqda. Flavio Bolsonaro prezident bölgan taqdirda esa Vaşington bilan yaqinlaşiş, AQŞ bilan savdo va xavfsizlik aloqalarini kengaytiriş ehtimoli yuqori. Şunga qaramay, Braziliyaning Xitoy va AQŞ bilan iqtisodiy aloqalari har qanday yangi hukumat uçun muhim bölib qoladi.
Qisqa qilib aytganda, Braziliya prezidentligi uçun boşlangan saylovlar bugun butun dunyo e’tiborida. Bir tomonda Lotin Amerikasidagi eng katta va boy davlatning geosiyosiy öyinlardagi pozitsiyasi turgan bölsa, boşqa tomonda jonli efirda keçayotgan va heç bir tok-şou yoki hajviy körsatuvlardan qolişmaydigan debatlar turibdi.
Uitkoff Moskvada nima qilmoqda?
Ukrainadagi uruşni tugatiş uçun yana bir diplomatik uriniş. AQŞ prezidenti Donald Trampning maxsus elçisi Stiv Uitkoff 21 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan qariyb uç soat muzokara ötkazdi. Uçraşuvdan söng Moskva AQŞ va Ukraina bilan uç tomonlama muzokaralarni qayta boşlaşga prinsipial rozilik bildirgan. Şu kuni Rossiyada tört yildan ortiq vaqt davomida qamoqda saqlangan amerikalik Stiven Xabbard ham ozod qilindi. Biroq diplomatik faollik kuçaygani bilan, Kremlning uruşni töxtatiş şartlari özgargani yöq.
21 oktyabr kuni Sankt-Peterburgdagi Konstantin saroyida bölib ötgan uçraşuv Moskva vaqti bilan taxminan soat 11:55 da boşlangan va qariyb uç soat davom etgan. Rossiya tomonidan muzokaralarda prezident yordamçisi Yuriy Uşakov hamda xorijiy davlatlar bilan investitsiyaviy-iqtisodiy hamkorlik böyiça maxsus vakil Kirill Dmitriyev qatnaşgani aytilmoqda. AQŞ delegatsiyasiga Stiv Uitkoff boşçilik qildi. Trampning kuyovi va muzokaralardagi iştirokçisi Jared Kuşner esa kasalligi sababli uçraşuvga şaxsan kelmagan, ammo videomuloqot orqali qatnaşgan. Ma’lumotlarga köra, muzokaralarning asosiy mavzusi Ukrainadagi uruşni tugatiş böyiça diplomatik jarayonni qayta jonlantiriş bölgan.
Uitkoff Rossiyaga kelişidan bir kun oldin, 20 oktyabrda Norvegiyaning Oslo şahrida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa vakillari bilan uçraşgan edi. Muzokaralarda Norvegiya boş vaziri Yonas Gar Stere, Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb hamda Yevropa davlatlari va NATO vakillari ham qatnaşgan. AQŞ rasmiysining Reuters agentligiga bildirgan ma’lumotiga köra, tomonlar xavfsizlik kafolatlari, uruşdan keyingi iqtisodiy tiklaniş va Yevropaning kelajakdagi xavfsizlik arxitekturasini öz içiga olgan keng qamrovli tinçlik kelişuvi doirasini muhokama qilgan. Vaşington bu uçraşuvda işlab çiqilgan takliflarni Rossiya tomoniga yetkaziş va muzokaralarni davom ettirişga umid qilgan.
Uitkoffning Putin bilan suhbatida Oslo uçraşuvida erişilgan natijalar ham muhokama qilingan. AQŞ elçisi muzokaralarni konstruktiv deb baholab, uruşni tugatiş böyiça bir neçta hujjat va takliflarni Rossiya rahbariga taqdim etganini aytdi. Uning ta’kidlaşiça, navbatdagi qadam AQŞ, Rossiya va Ukraina iştirokidagi uç tomonlama muzokaralarni texnik darajada qayta boşlaş bölişi kerak. Bunday formatda mutaxassislar va muzokara guruhlari kelişuvning amaliy tafsilotlarini işlab çiqişi mumkin.
“Hali muhim işlar qilinişi kerak bölsa-da, prezident Tramp bu uruşning tugaşini körişga va kelajak avlodlar uçun xavfsizlik va farovonlikni ta’minlaydigan keng qamrovli, mustahkam tinçlikka erişişga sodiq qolmoqda”, deb bayonot bergan u.
Rossiya ham uç tomonlama muloqotni qayta boşlaşga prinsipial rozilik bildirgani aytilmoqda. Putinning yordamçisi Yuriy Uşakov muzokaralar noyabr oyining 10-sanasi atrofida qayta boşlanişi mumkinligini aytdi. Uning sözlariga köra, uçraşuv Abu-Dabida ötkazilişi ehtimoli bor. Biroq bu hozirça yakuniy tinçlik kelişuvi yoki jangovar harakatlarni töxtatiş böyiça bitim emas, balki muzokara jarayonini qayta yölga qöyişga qaratilgan kelişuvdir. Kreml Oslo şahridagi uçraşuvlarda muhokama qilingan takliflardan qoniqmaganini ham bildirgan. Bu esa Vaşington, Moskva va Kiyev örtasidagi pozitsiyalar hanuz sezilarli darajada farq qilişini körsatadi.
Muzokaralardagi asosiy tösiq – Rossiyaning hududiy va xavfsizlik talablaridir. Moskva Donetsk viloyati ustidan töliq nazorat örnatişni, Ukrainaning NATOga a’zo bölmasligini hamda vaqtinçalik sulh bilan çeklanmaydigan keng qamrovli tinçlik kelişuvini talab qilib kelmoqda. Kiyev uçun esa hududiy yaxlitlikni saqlaş va kelajakda Rossiya hujumining takrorlanişiga yöl qöymaydigan xavfsizlik kafolatlarini oliş muhim. Şu sababli, muzokaralarni qayta boşlaş piçoqqa ilinadigan natijaga olib keladi, deyiş hali qiyin.
Uçraşuvning eng közga köringan voqealaridan biri esa 74 yoşli amerikalik Stiven Xabbardning ozod qilinişi böldi. Sobiq öqituvçi 2022 yil aprelida Ukraina şarqida Rossiya kuçlari tomonidan qölga olingan va keyinçalik Ukraina armiyasi safida yollanma jangçi sifatida qatnaşganlikda ayblanib, Rossiyada olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. AQŞ uning noqonuniy ravişda uşlab turilganini ta’kidlab kelgan. Donald Tramp Putin bilan avvalgi muloqotida Xabbardni ozod qiliş masalasini şaxsan kötarganini bildirdi. Rossiya fuqaroni mahbuslar almaşinuvisiz ozod qilganini e’lon qilgan. Tramp esa buning evaziga AQŞ heç qanday yon berişga majbur bölmaganini aytmoqda. Ammo dizel kelişuvi va sanksiyalarni yumşatişni yetarliça yon beriş deb hisoblayotganlar ham yöq emas.
Rossiya va AQŞ örtasida dizel yoqilğisi yetkazib berişni qayta boşlaş böyiça kelişuv uşbu uçraşuvning asosiy mavzularidan biri böldi. The Guardian ma’lumotiga köra, Rossiya tomoni dastlabki qariyb 300 ming tonna dizel yoqilğisini AQŞga jönatiş rejasini bildirgan. Bundan taşqari, Putin Rossiya AQŞ va Eron örtasidagi ziddiyatlarni yumşatişga kömaklaşişi mumkinligini aytgan. U Moskvaning Tehron bilan uzoq yillik aloqalarini vositaçilik uçun imkoniyat sifatida körsatmoqda. Şuningdek, Rossiya, AQŞ va Xitoy rahbarlarining noyabr oyida Xitoyda ehtimoliy uçraşuvi masalasi ham muhokama qilindi.
Şunday qilib, Uitkoffning 21 oktyabrdagi taşrifi hozirça uruşni tugatadigan kelişuvga emas, diplomatik jarayonni qayta harakatga keltirişga xizmat qildi. Tomonlar noyabr oyida texnik darajadagi uç tomonlama muzokaralarni boşlaş imkoniyatini muhokama qilmoqda. Ammo hududiy talablar, Ukrainaning kelajakdagi xavfsizligi va Rossiyaning uruşni yakunlaş şartlari böyiça tafovutlar saqlanib qolmoqda. Xabbardning ozod etilişi va iqtisodiy aloqalarning qayta tiklanişi Moskva bilan Vaşington örtasidagi muloqotni yaxşilamoqda, xolos – Ukrainadagi vaziyatni emas.
Endi Rubio Hindistonda
AQŞ davlat kotibi Marko Rubio Özbekistonga taşrifidan söng töğri Hindistonga yöl oldi. Xöş, bugun dunyoda törtinçi yirik iqtisodiyot maqomiga da’vogarlik qilib kelayotgan Hindistonga taşrif ortida qanday maqsadlar turibdi?
Samarqandga uyuştirilgan şov-şuvli taşrifdan söng AQŞ davlat kotibi Hindistonga yöl oldi. 20 oktyabr kuni Mumbayda Hindiston taşqi işlar vaziri Subramanyam Jayşankar bilan uçraşgan Rubio 21 oktyabr kuni Gujarat ştatidagi Jamnagar şahrida «Reliance Industries» kompaniyasining neftni qayta işlaş majmuasiga taşrif buyurdi. Bu esa taşrifda, avvalo, Rossiya bilan yoqilği savdosi böyiça kelişuvga alohida e’tibor qaratilganini körsatar edi.
Sönggi oylarda AQŞ prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining tarif siyosati va Hindistonning Rossiya neftini xarid qilişi ikki davlat munosabatlarida keskinlik keltirib çiqargan edi. Vaşington Rossiya energetika sektoriga bosimni kuçaytiriş maqsadida Moskva bilan savdo qiluvçi davlatlarga qöşimça tariflar joriy etiş imkoniyatini körib çiqdi. Biroq 16 oktyabr kuni Rossiya neftini xarid qiluvçi mamlakatlarga nisbatan ayrim tarif va sanksiya çoralarini qöllaş vaqtinça töxtatildi. Rubio 19 oktyabr kuni Özbekistonda jurnalistlar bilan suhbatda Hindiston bilan savdo kelişuvini yakunlaş jarayoni ham uşbu qarorda hisobga olinganini bildirdi. Uning ta’kidlaşiça, AQŞ taşqi siyosatida Rossiya – Ukraina uruşi muhim omil bölsa-da, boşqa davlatlarning energetik ehtiyojlari va ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarini ham hisobga oliş kerak.
20 oktyabr kuni Jayşankar bilan uçraşuvdan keyin Rubio Hindiston va AQŞ örtasidagi savdo kelişuvi deyarli tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning sözlariga köra, hujjatni yakunlaş uçun oz sonli masalalar qolgan va kelişuv yaqin haftalarda imzolanişi mumkin. Biroq taşrif davomida savdo bitimi imzolangani haqida rasmiy xabar berilmadi.
Rubioning Jamnagar şahriga taşrifi esa safarning iqtisodiy jihatdan eng muhim nuqtalaridan biri böldi. «Reliance Industries» kompaniyasiga qaraşli majmua kuniga qariyb 1,4 million barrel neftni qayta işlaş quvvatiga ega. Bu körsatkiç Hindistonning nafaqat energiya iste’molçisi, balki jahon bozoriga katta hajmda qayta işlangan neft mahsulotlari yetkazib beruvçi davlat sifatidagi mavqeini körsatadi. Rubio Hindistonni neftni qayta işlaş sohasidagi “superkuç” deb ta’rifladi. Uning aytişiça, Vaşington “Reliance” kompaniyasining Venesuela neftini qayta işlaş imkoniyatlaridan ham foydalanişni muhokama qilmoqda. Kompaniya oğir neft turlarini qayta işlaşga moslaştirilgan infratuzilmaga ega bölgani sababli, Venesuela işlab çiqarişini kengaytiriş rejalarida muhim rol öynaşi mumkin.
Şubhasiz, bu taşabbus ortida bir neçta manfaat mujassam. Bugun Venesuela nefti de-fakto AQŞ qölida va uning jahon bozoriga köproq çiqişi Vaşington uçun foydali. Hindiston esa energiya importi manbalarini diversifikatsiya qiliş va içki talabni qondirişga intilmoqda. Şu bilan birga, “Reliance” kompaniyasining Texasda yangi neftni qayta işlaş loyihasiga sarmoya kiritiş rejalari ham Vaşington e’tiborida. Bunday hamkorlik Hindistonning qayta işlaş imkoniyatlarini AQŞning energetika strategiyasi bilan boğlaşga xizmat qilişi mumkin.
“Hindistonda oğir neftni qayta işlaş quvvati va imkoniyati bor. Buni ilgari ham qilişgan va öylaymanki, Venesuela nefti bozorga köproq kirib kelgani sari, bu Hindiston qila oladigan işga aylanadi. Neftni qayta işlaş quvvati – bu faqat neft qazib olişning özi degani emas. Öylaymanki, sönggi bir neça oy içida energetika sohasi mutaxassisiga aylangan köplab odamlar uşbu nizoli vaziyat sababli endi tuşunib yetişyapti: neftni qayta işlaş imkoniyati – bu masalaning eng asosiy va hal qiluvçi qismidir. Hindiston esa neftni qayta işlaş böyiça superdavlatdir va ularda buni amalga oşiriş salohiyati bor”, dedi Rubio jurnalistlarga.
Hindistonning Rossiya bilan energetik aloqalari esa Rubioning taşrifi ortidagi eng nozik masala bölib qolmoqda. Ukraina uruşi boşlanganidan keyin Dehli çegirmali Rossiya neftini xarid qilişni oşirdi. Bu Hindiston uçun energiya xavfsizligi va iqtisodiy manfaatlar bilan boğliq qaror böldi. Amalda mamlakat xom neft ehtiyojining 85 foizdan ortiğini import hisobidan qoplaydi. Şu sababli, Rossiya neftidan birdaniga voz keçiş Hindiston uçun iqtisodiy xarajatlarni oşirişi mumkin. Hindiston hukumati ham energiya xavfsizligini ta’minlaşda import manbalarini diversifikatsiya qiliş va bozor şaroitlarini hisobga oliş zarurligini ta’kidlab kelmoqda.
Rubio Hindistonning Rossiya neftini xarid qilişini alohida masala sifatida emas, balki mamlakatning umumiy energetik siyosati doirasida körib çiqiş kerakligini aytmoqda. Uning ta’kidlaşiça, Dehli energiya manbalarini diversifikatsiya qiliş böyiça sezilarli qadamlar taşlagan va Vaşington bu jarayonni qöllab-quvvatlaydi.
Hindiston uçun esa bu vaziyat Moskva va Vaşington örtasidagi raqobatdan öz manfaatlari yölida ustamonlik bilan foydalaniş imkoniyatini beradi. Dehli Rossiya bilan energiya savdosini davom ettirgan holda AQŞ bilan mudofaa, texnologiya va savdo sohalaridagi hamkorlikni kengaytirişga intilmoqda. Bu Hindistonning an’anaviy strategik mustaqillik siyosatiga mos keladi: mamlakat turli kuç markazlari bilan aloqalarni bir-biriga töliq böysundirmasdan rivojlantirişga harakat qiladi.
The Indian Express tahririyati Rubioning safariga ikki tomonlama munosabatlarni qayta tiklaş uçun ijobiy signal sifatida baho berdi. Biroq naşr AQŞning Rossiya neftiga oid tarif siyosati özgarib turişi Hindiston uçun noaniqlik yaratişini ham qayd etgan.
Muxtasar qilib aytganda, Rubio Hindistonda AQŞ manfaatlarini saqlab qolişga va özaro savdoning foydali bölişiga mamlakat hukumatini işontirişga harakat qildi. Dehli esa na Moskva, na Vaşingtonni tanlamoqda – aksinça, ular örtasidagi raqobatdan öz foydasi yölida foydalanmoqda.
Yevropa uzra yongan alanga
Yevropada kuzgi salqinlikka qaramay, siyosiy va ijtimoiy hayot tom ma’noda yonmoqda. Fransiyada yarim millionga yaqin odam köçalarga çiqdi, Italiyada namoyişlar politsiya bilan töqnaşuvlar va talon-torojlarga aylandi, Ispaniyada esa bir kampirning uyidan çiqarilişi butun mamlakatdagi uy-joy inqirozining ramziga aylandi. Portugaliyada ijara narxlari, Belgiyada ta’lim va byudjet qisqartirişlari, Albaniyada esa korrupsiya noroziliklarni kuçaytirmoqda.
Fransiyada noroziliklar sentyabr oyi oxirida maktab öquvçilarining ta’lim şaroitlariga qarşi çiqişlari bilan boşlangan edi. Öquvçilar öqituvçilar yetişmasligi, eskirgan sinfxonalar, uzoq öquv soatlari va universitetlarga qabul tizimining şaffof emasligidan norozi edi. Ayrim maktablarda öqituvçilarning böş iş örinlari töldirilmagani sababli öquvçilar bir neça oy darslardan mahrum bölayotgani aytildi. Keyinçalik noroziliklar ta’lim tizimi doirasidan çiqib, turmuş narxining oşişi, yoqilği qimmatlaşişi, iş haqi va pensiyalar masalasini ham qamrab oldi. Fransiyaning yirik kasaba uyuşmalaridan biri – Umumiy mehnat konfederatsiyasi (CGT) namoyişçilar talablarini qöllab-quvvatladi.
17 oktyabr kuni Fransiyada namoyişlar eng yuqori nuqtaga çiqdi. The Guardian ma’lumotiga köra, köçalarga qariyb 500 ming kişi çiqqan. Biroq tinç namoyişlar ortinan ayrim şaharlarda zöravonlik, binolarni talaş va yonğinlar kuzatildi. Parijda savdo nuqtalari va restoranlarga zarar yetkazilgan, politsiya bilan töqnaşuvlar yuz bergan. Vaziyat şu qadar keskinlaşdiki, mamlakat hukumati ayrim hududlarda çeklangan komendantlik soatlarini joriy etiş masalasini körib çiqdi.
Prezident Emmanuel Makron tinç namoyişçilarning talablarini tartibsizlik uyuştiruvçilaridan ajratiş kerakligini ta’kidlamoqda. Hukumat esa maktablarda 3 ming nafar qöşimça öqituvçi işga jalb etilişini, öquvçilar ta’limga oid qarorlarni muhokama qilişda köproq iştirok etişini ma’lum qilgan. Kelgusi yil uçun rejalaştirilgan ayrim universitet tölovlarini oşiriş taklifi ham bekor qilingan. Şunga qaramay, noroziliklar töxtagani yöq: Fransiyada 2027 yil aprelida prezidentlik saylovlari ötkazilişi kutilayotgan bir paytda, Makron uçun ijtimoiy norozilik siyosiy muammoga ham aylanmoqda.
Ispaniyada esa noroziliklarning markazida ta’lim emas, uy-joy masalasi turibdi. Sentyabr oyida 87 yoşli Marikarmen Abaskalning yaşab kelgan uyidan çiqarilişi jamoatçilikning keskin munosabatiga sabab böldi. Investitsiya fondi uy uçun ijara haqini 230 foizga oşirgan, keksa ayol esa yangi narxni tölay olmagan. U uyidan ayrilganidan taxminan ikki hafta ötib, şifoxonada vafot etgan. Bu voqea ijara narxlarining keskin ösişi va aholining uy-joyga ega böliş imkoniyati tobora qisqarayotganini körsatuvçi ramzga aylandi va ommani oyoqqa turğazdi. Namoyişçilar ijara haqini muzlatiş, ijtimoiy himoyaga muhtoj kişilarni uydan çiqarişni çeklaş va qisqa muddatli ijara bozorini tartibga solişni talab qilmoqda.
Boş vazir Pedro Sançes hukumati 2030 yilgaça ayrim köçirişlarni taqiqlaş va vaqtinçalik ijara bozorini tartibga solişni közda tutuvçi qonun loyihasini ilgari surdi. Biroq parlamentdagi öng qanot va öta öng partiyalar qarşiligi sababli taşabbus amalga oşmadi. Natijada Sançes islohotlarni amalga oşiriş uçun kengroq progressiv köpçilik zarurligini aytib, 29 noyabr kuni muddatidan oldin saylov ötkazilişini e’lon qildi. Uy-joy inqirozi şu tariqa köça noroziligidan parlamentdagi siyosiy kuraş darajasiga kötarildi. Ispaniyalik uy-joy faollari esa bosimni davom ettiriş niyatida: ular 11 noyabr kuni umumiy iş taşlaş ötkazişni rejalaştirmoqda.
“Tengsizlikni kamaytiriş uçun zarur bölgan keng kölamli islohotlarni amalga oşiriş uçun biz elitaga qarşi turişga, ijtimoiy taraqqiyotni yanada rivojlantirişga va Ispaniyani özgartirişni davom ettirişga qodir bölgan ança kengroq, progressiv parlament köpçiligini safarbar qilişimiz va ta’minlaşimiz kerak”, dedi u.
Portugaliyada ham vaziyat Ispaniyanikidan keskin farq qilmaydi. 18 oktyabr atrofida Lissabon markazida yuzlab odamlar uy-joy narxlarining oşişiga qarşi namoyişga çiqdi. Rasmiy ma’lumotlarga köra, 2015–2024 yillarda Portugaliyada uy-joy narxlari ikki baravardan köproq oşgan. Bu ösiş Yevropa Ittifoqidagi örtaça körsatkiçdan qariyb ikki baravar tez bölgan. Yoşlar va kam daromadli oilalar uçun uy sotib oliş yoki ijaraga oliş tobora qiyinlaşmoqda. Namoyişçilar hukumatdan ijara bozorini tartibga soliş, uy-joy taklifini köpaytiriş va aholining zaif qatlamlarini himoya qilişni talab qilmoqda. Muammo şundaki, uy-joy qurilişini kengaytiriş vaqt talab qiladi, narxlarning ösişi esa hozirning özida oilalar byudjetiga bosim ötkazmoqda.
Belgiyada ham ta’lim tizimi va byudjet siyosatiga qarşi namoyişlar bölib ötdi. Fransuz tilida sözlaşuvçi hududlarda öquvçilar 1 oktyabrdan boşlab fransuziyalik tengdoşlarini qöllab-quvvatlab, köçalarga çiqdi. 9 oktyabr kuni byudjet qisqartirişlariga qarşi iş taşlaş va namoyişlarda ön minglab odamlar qatnaşdi. 17 oktyabrda esa turmuş xarajatlarining oşişiga qarşi yurişlar taşkil etildi, ayrim joylarda politsiya bilan töqnaşuvlar yuz berdi. Belgiyadagi noroziliklar ijtimoiy xarajatlarni qisqartiriş siyosati va davlat xizmatlari sifati böyiça xavotirlar bilan boğliq.
Italiyada esa ijtimoiy noroziliklar köça tartibsizliklari bilan aralaşib ketdi. Milan, Turin va Bolonya şaharlarida namoyişçilar hamda politsiya örtasida töqnaşuvlar kuzatildi. Milanda ayrim niqobli guruhlar politsiyaga toşlar va yöl qoplamasi bölaklarini uloqtirdi, köça tösiqlariga öt qöydi. Ayrim savdo nuqtalari talon-toroj qilindi. Biroq bu voqealarni barça namoyişçilarga taalluqli deb bölmaydi: talabalar va kasaba uyuşmalari vakillarining asosiy talablari ta’lim şaroitlarini yaxşilaş, yaşaş xarajatlarini kamaytiriş va davlat xizmatlarini moliyalaştiriş bilan boğliq.
Albaniyada esa noroziliklar boş vazir Edi Rama hukumatiga qarşi qaratilgan. Namoyişçilar korrupsiya, iş örinlarining yetişmasligi va ta’lim sifati pastligidan norozi. Harakatning ildizlari yoz oylariga borib taqaladi. Donald Trampning kuyovi Jared Kuşner bilan boğliq qimmatbaho qirğoqböyi quriliş loyihasi ham hukumatga qarşi norozilikni kuçaytirgan omillardan biri böldi. Oktyabr oyida talabalar va yoşlar noroziliklarda faol qatnaşişni boşladi. Bu yerda iqtisodiy muammolar bilan birga davlat boşqaruvi, manfaatlar töqnaşuvi va siyosiy javobgarlik masalalari ham kötarilmoqda.
Şunday qilib, inson huquqlari va liberalizm bilan maqtanib kelgan Yevropa bugun ijtimoiy hayotdagi tengsizliklar va muammolar botqoğiga botib qolgan. Aholi arzonroq narxlar va ijtimoiy himoya istamoqda. Qayerdadir muammo ta’limda bölsa, yana qayerdadir uy-joy narxlarida.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa bunday keng kölamli harakatlar ortida taşqi manfaatlar bölişi mumkinligi haqida miş-mişlar tarqalmoqda. Ba’zi naşrlar Rossiyaning qöli borligi, Ukrainaga yordam bergan Yevropaga Moskva şu tariqa javob qaytarayotgani haqida yozsa, boşqa manbalar buni Isroil hukumati bilan boğlamoqda. Ammo konspirologik qaraşlarni bir çetga surib, vaziyatga xolis nazar bilan qaralsa, taşqaridan jozibali körinuvçi Yevropa hayoti aslida öziga xos muammolar va kamçiliklarga töla ekanini köriş mumkin.
Live
Barchasi