Putin Tramp va Si Szinpin bilan uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi
Olam
−
15:26 1109 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH rahbari Donald Tramp va Xitoy Raisi Si Szinpinni kelasi oy Ukrainadagi urushni muhokama qilish uchun uchrashishga taklif qildi. Bu haqda manbalarga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Kreml uchrashuvni 18–19 noyabr kunlari Xitoyning Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida o‘tkazishni taklif qilgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov uchrashuv imkoniyati muhokama qilinayotganini tasdiqlagan. Biroq u hozircha uchrashuv sanasi aniq emasligini bildirgan.
AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakiliga ko‘ra, Donald Tramp hozircha bunday sammitni o‘tkazishga rozilik bermagan. Rossiya razvedkasining sobiq xodimi esa WSJ nashriga Putin bu taklifni 9 oktyabr kuni Tramp bilan telefon orqali suhbatlashganida ilgari surganini aytgan. Aynan shu suhbat davomida AQSH Rossiyadan dizel yoqilg‘isi olish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Xitoy bo‘yicha tadqiqot olib boruvchi tahlilchilar fikricha, uch tomonlama sammit Si Szinpinning mamlakatni xalqaro diplomatiyada muhim vositachi sifatida ko‘rsatish harakatlarida katta qadam bo‘lishi mumkin.
Moskva ushbu g‘oyani diplomatik kanallar orqali Pekinga taklif qilgan. Xitoy tomoni esa Tramp ham rozi bo‘lgan taqdirda, bunday uchrashuvga qarshi emasligini bildirgan.
“Xitoy buyuk davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda markaziy davlat, shuningdek, AQSH va Rossiya o‘rtasida vositachi sifatida ko‘rilishni istaydi”, deydi Vashingtondagi Stimson tadqiqot markazining Xitoy dasturi direktori Yun Sun.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi