Merkel Rossiya-Ukraina urushida ilk bor kimning tarafidaligini ochiqladi
Olam
−
02 iyun 2022
41011Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel Ukraina bilan birdamligini bildirib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarni “chuqur burilish nuqtasi” deb atadi. Bu Germaniya hukumati sobiq rahbarining Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri birinchi ommaviy izohidir. Mojaro haqidagi avvalgi bayonotlar Merkel nomidan uning idorasi vakillari tomonidan tarqatilgan.
“Men Rossiya tomonidan hujumga uchragan Ukraina bilan birdamman va ularning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlayman”, deydi Merkel Germaniya kasaba uyushmalari assotsiatsiyasi rahbari Rayner Xoffmanning iste’foga chiqishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda 200 dan ortiq mehmonlarga yuzlanib.
Merkel, shuningdek, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari “Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin Yevropa tarixida xalqaro huquqning o‘ta qo‘pol buzilishiga aylanganini” ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Merkel 2014 yilda Ukrainada davlat to‘ntarishi sodir bo‘lganida Germaniya kansleri bo‘lib ishlagan, keyin uning ishtirokida Donbassdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha Minsk kelishuvlari tuzilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi