Merkel Putin va Tramp bilan suhbatini gapirib berdi

Olam

image

Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel Rossiyaning javob harakatlaridan xavfsiragani uchun Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi jarayonini qasddan sekinlashtirgan, Vladimir Putin esa sovuq urushda AQSH g‘alaba qozonganini hech qanaqasiga hazm qilolmagan. Bu haqda “Die Zeit” nashrida e’lon qilingan Germaniya sobiq kanslerining memuarida keltirilgan.

“Ozodlik: 1954-2021 yillar xotirasi” deb nomlangan kitobning rasmiy nashri kecha, 26 noyabr kuni bosmadan chiqdi.

Angela Merkel Germaniyani 16 yil boshqargan va dunyoning eng kuchli hamda nufuzli yetakchilaridan biri hisoblangan.

Biroq yaqinda uning siyosiy merosi shubha ostiga olindi. Ko‘pchilik Merkelning Rossiyaga nisbatan ikkilangan pozitsiyasi ko‘p jihatdan Yevropadagi hozirgi vaziyatga va xususan, Ukrainadagi urushga olib kelganiga ishonadi.

Matbuot Merkelning o‘z hukmronligi davridagi voqealarni tasvirlaydigan xotiralari unga zamondoshlari va avlodlari oldida o‘zini oqlashga yordam berishi mumkinligini yozgan. Boshqalarning fikricha esa, uning iqrorlari mutlaqo teskari ta’sir keltirib chiqarishi mumkin.

Merkel Ukraina haqida nima yozgan?

U o‘z xotiralarining muhim qismini Ukraina va uning NATOga kirishi haqidagi ikkilanishlariga bag‘ishlaydi.

Sobiq kansler 2008 yilda Buxarestda bo‘lib o‘tgan sammitda Ukrainaga alyans a’zoligiga nomzod davlat maqomini berish masalasi hal qilingan va bu Kiyev uchun muhim lahza bo‘lgan, deya yozgan.

Merkel o‘z xotiralarida Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish istagini butun harbiy alyans uchun xavfsizlik masalalari bilan mutanosib bo‘lishi kerakligini his qilganini aytadi.

Putin haqida

Merkelning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq vaziyatda Putin shunchaki jim turadi va hech narsa qilmaydi, deb taxmin qilish soddalikka teng bo‘lgan.

“Putinning nuqtai nazarini tahlil qilib chiqmasdan, Ukraina va Gruziyaga nomzodlik maqomi berilishini men ehtiyotsizlik deb hisoblardim. Putin 2000 yilda o‘z mamlakatiga Prezident bo‘lgan vaqtdan buyon u Rossiyaga xalqaro maydondagi o‘yinchi maqomini qaytarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi, buni hech kim, ayniqsa AQSH e’tiborsiz qoldira olmasdi. Uning maqsadi Rossiyada ham, boshqa joylarda ham demokratik tuzilmalarni qurish yoki samarali iqtisodiyot orqali barcha uchun farovonlik yaratishdan iborat emasdi. Aksincha, u AQSH sovuq urushdan g‘olib chiqqani faktiga nimanidir qarshi qo‘yishga intildi. U sovuq urush tugaganidan keyin ham ko‘p qutbli dunyoda Rossiya kuchning ajralmas markazi bo‘lib qolishini istardi. Bu maqsadga erishish uchun u birinchi navbatda xavfsizlik xizmatidagi o‘z tajribasiga tayandi”, deya yozgan Merkel.

Merkel NATO a’zoligiga nomzod mamlakat maqomi Ukraina va Gruziyani Vladimir Putinni (o‘z kitobida uni “doimo jazolashga tayyor” odam deb atagan) tiyib turuvchi mexanizm bo‘lishi va undan himoya qilishi haqidagi farazni “xomxayol” deb hisoblagan. Uning ta’kidlashicha, o‘sha vaqtda shartnomaning beshinchi moddasi Ukraina yoki Gruziyaga nisbatan buzilish holatlari NATO tomonidan javob bo‘lishiga olib kelolmasdi.

“NATOga a’zo davlatlar harbiy yo‘l bilan – moddiy vositalar bilan ham, qo‘shinlar bilan ham javob berishi va aralashishi aqlga sig‘armidi? Federal kansler sifatida, Qurolli kuchlarimiz bunda ishtirok etishi uchun Bundestagga murojaat qilishim va ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatloviga erishishim mumkinmidi?”, deya xotirlaydi Merkel o‘sha vaqtdagi mulohazalarini.

Merkel Putinni g‘aflatda qolmaslik uchun doimo hushyor, doimo hujum qilishga tayyor turadigan, uyida kim xo‘jayinligini iti orqali yoki boshqalarni kuttirish bilan namoyish etadigan odam sifatida tasvirlagan.

It bilan bog‘liq epizodda Merkel Putin bilan 2007 yil Sochidagi uchrashuvini nazarda tutgan, Rossiya Prezidenti o‘shanda mehmoni itlardan qo‘rqishini bila turib muzokaralar xonasiga o‘z itini chaqirgan.

Tramp haqidagi xotiralari

Merkel 2016 yilda AQSHdagi prezidentlik kampaniyasini diqqat bilan kuzatgani va Hillari Klintonning g‘alabasini kutgani, ammo bir necha marta Germaniyani hamda Merkelning o‘zini ham tanqid qilgan Donald Tramp g‘alaba qozonganini eslaydi. Shunga qaramay, u hamkasbini saylangani bilan tabriklaydi, to‘rt oy o‘tib uchrashish uchun Vashingtonga boradi.

Oq uyda Tramp uni eshik oldida matbuot vakillari davrasida qarshi oladi va uning qo‘lini siqib qo‘yadi. Oval kabinetdagi yuzma-yuz suhbatdan oldin ular yana bir marta jurnalistlar qarshisiga chiqadi, ular esa siyosatchilardan yana bir bor ko‘l berib ko‘rishishni so‘rashadi, ammo Tramp bu iltimosni e’tiborsiz qoldiradi.

Yakkama-yakka suhbat asosan ingliz tilida kechgandi, deb xotirlaydi Merkel. Tramp sobiq kanslerga bir nechta savollar bergan. Jumladan, u kelib chiqishiga ko‘ra sharqiy germaniyalik ekani va Putin bilan munosabatlari haqida ham.

“Nazarimda, u Rossiya Prezidentiga maftun edi. Keyingi yillarda menda shunday taassurot paydo bo‘ldiki, avtoritar va diktatorlikka moyil siyosatchilar uning uchun o‘ziga xos jozibadorlikka ega bo‘lgan”, deya yozadi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat vaqtida Tramp Germaniyaga qator e’tirozlarini bildirgan (jumladan, mudofaa uchun NATOning 2 foizlik ko‘rsatkichidan past xarajat) va qayta va qayta Germaniya u hamda Amerikadan qarzdorligini uqtirgan. Merkel qayd etishicha, ular “turli darajada” gaplashgan: Tramp – hissiyotga berilib, uning o‘zi esa – faktlar va argumentlar keltirgan holda.

Merkel Tramp bilan o‘zaro tushungan hamkorlik bo‘lmasligi, saylangan prezident barcha narsaga quruvchi, developer pozitsiyasidan qarashini xulosa qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya NATO Tramp Angela Merkel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing