Germaniyada armiyaning taxminan 20 ming dona o‘q-dorisi o‘g‘irlandi
Olam
−
02 dekabr 2025 2495 1 daqiqa
Germaniyada mamlakat Qurolli kuchlari (Bundesver) uchun mo‘ljallangan maxus buyumlarni olib ketayotgan yuk mashinasidan taxminan 20 ming dona o‘q-dori o‘g‘irlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligiga tayanib, “Der Spiegel” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, o‘q-dorilarni yetkazib beruvchi transport kompaniyasining haydovchisi yuk mashinasini Burga (Saksoniya-Anxalt federativ yeri) yaqinidagi qo‘riqlanmaydigan avtoturargohda qoldirgan. Haydovchi kechasi mehmonxonada qolishga qaror qilgan va transport nazoratsiz qolgan.
Shundan so‘ng, o‘g‘rilar taxminan 10 ming dona pistolet o‘qi, 9,9 ming dona avtomatlarga mo‘ljallangan bo‘sh o‘q va ko‘zni achishtiruvchi granatalarini o‘g‘irlagan.
“Mudofaa vazirligi bu o‘g‘rilikni jiddiy hodisa, deb hisoblaydi va bunday o‘q-dorilar hech qachon boshqa odamlarning qo‘liga tushmasligi kerakligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Bundesverdagi manbalarning “Der Spiegel”ga ma’lum qilishicha, bu o‘g‘rilik, ehtimol, oldindan rejalashtirilgan bo‘lgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergov jarayonini amalga oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi. Jami to‘qqiz kishi qo‘lga olingan, ulardan ikkitasi chegara xizmatining amaldagi va sobiq xodimlari bo‘lgan.