Medvedev G‘arbni “tavba qilishga” chaqirdi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev G‘arb o‘zining noto‘g‘ri hisob-kitoblarini tan olishiga hamda ahmoqligidan pushaymon bo‘lishiga umid qilmoqda. Bu haqda u X Sankt-Peterburg xalqaro yuridik forumida aytib o‘tdi.

“Ma’lum umidlar saqlanib qolmoqda, umid, o‘zingiz bilganingizdek, oxiri o‘ladi. Bu zaif umid. Bizning sobiq G‘arb hamkorlarimiz o‘zlarining strategik noto‘g‘ri hisob-kitoblarini tan olishga jur’at etishlariga umid qilamiz”, deydi Medvedev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbning strategik noto‘g‘ri hisob-kitoblaridan 1,5 milliarddan ortiq odam jabr ko‘rgan, global inflyatsiya, oziq-ovqat tanqisligi va qashshoqlik kuchaygan.

Medvedevning ta’kidlashicha, Rossiyaning G‘arbdagi sobiq hamkorlar qonunchilikni noqonuniy ekstraterritorial qo‘llash va rus ildizlariga ega bo‘lgan barcha narsalarga nisbatan kamsituvchi munosabatda bo‘lishdan voz kechishlari kerak. 

“Agar bu amalga oshmasa, Rossiya G‘arb hamkorlarisiz yashay oladi. 20-asrda bo‘lgani kabi. Qolaversa, bugungi kunda dunyo G‘arb davlatlari chegaralarigacha umuman qisqargani yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.

Dmitriy Medvedev adolatli dunyo tartibini qurish haqida ham gapirdi. Siyosatchining fikricha, buni faqat teng huquqli jamoat tuzilmalari o‘rtasidagi ochiq muloqot orqali ta’minlash mumkin. Haqiqiy murosa va kelishuvning asosi faqat suveren hamda mustaqil tomonlarning irodasi bo‘la oladi.

“Siyosiy jihatdan qaram qo‘g‘irchoqlar bilan tinchlikka erishishga urinishlar barbod bo‘lishga mahkum”, deydi Medvedev.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Medvedev Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin G'arb davlatlari

Baholaganlar

28

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing