Mariupol 90-95 foiz egallandi – Qodirov
Olam
−
31 mart 2022
12870Rossiya harbiylari Ukrainaning Mariupol shahrini deyarli butunlay egallangan. Bu haqda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ma’lum qildi.
“Mariupol allaqachon 90-95 foiz ozod qilingan. Shahar hududida hayot asta-sekin qaytadi. Odamlar boshpanalaridan ko‘chaga chiqishmoqda, portlashlar va ochlikdan charchagan. Ba’zilar hatto o‘z mashinalarini haydashyapti, Rostov-Donga borish fikridan qaytganlar va shaxsiy transportda Mariupolga qaytganlar bor”, degan Qodirov.
Hudud rahbarining aytishicha, Mariupolda bo‘lgan Checheniston Davlat dumasi deputati Adam Delimxanov 8-armiya qo‘mondoni, general-leytenant Andrey Mordvichev bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqda. Ular hududni aylanib chiqishadi, banditlar yashirinishi mumkin bo‘lgan joylarni tekshirishadi, potensial otishma pozitsiyalarini aniqlaydilar.
“Adam Sultonovich qo‘lga olingan Azov radiosidan foydalanib, firibgarlik yo‘li bilan to‘dalar safiga qo‘shilgan ukrainaliklarga Rossiya tomoniga taslim bo‘lishni taklif qilgan. Shu bilan birga, “Azov” qo‘mondonlariga rahm-shafqat bo‘lmaydi. Ularni hech kim xavas qilmaydigan yakun kutmoqda. Banditlar yashiringan so‘nggi joy bu yirik “Azovstal” metallurgiya kombinati. Ammo ular u yerdan ham siqib chiqariladi”, deya so‘zini yakunlagan Qodirov.
Avvalroq Qodirov Ukraina sharqidagi Mariupol shahriga borgandi. U shahardan olingan tasvirlarni e’lon qilib, Mariupol egallanishiga oz qolganini aytgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi