Maxsus xizmatlar 3 kunda Ukrainadan ketishni maslahat berdi – Zelenskiy
Olam
−
22 mart 2022
25539Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga hujumi fonida maxsus xizmatlar va xorijiy hamkorlarning mamlakatni tark etish bo‘yicha tavsiyalariga quloq solmagan holda Kiyevda qolishga qaror qilgan. Bu haqda uning o‘zi Chexiya televideniyesiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
“Hamma menga [24 fevral kuni] zudlik bilan ketishim kerakligini aytdi. Hamma — bizning [Ukraina] maxsus xizmatlarimiz va hamkorlarimiz, ular orqali biz boshqa davlatlardan signal oldik. Ular Ukrainani uch kun ichida tark etishimni tavsiya qildi. Har 20 daqiqada kimdir menga qo‘ng‘iroq qilib, ketishim kerakligini aytdi”, deydi Zelenskiy.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, har qanday sharoitda ham Kiyevda qolish qarori 24 fevralgacha qabul qilib bo‘lingan. Keyin u haqiqatan ham Ukraina poytaxtida ekanligini tasdiqlovchi video ma’lumotni tarqatish g‘oyasi paydo bo‘lgan.
“Qayoqqadir ketganligim haqida tinimsiz gapirishayotgani meni allaqachon bezovta qilgandi. Bu yoqimsiz edi va agar biz faqat shu [Prezident idorasi] idorada bo‘lsak, hech kim [Kiyevda ekanligimizga] ishonmasligini aytdim. Biz tashqariga chiqishimiz va bizni ko‘proq odamlar ko‘rishi kerak edi”, degan Zelenskiy.
Avvalroq, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Zelenskiyga boshpana taklif qilganini ochiqlagandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi