London Kiyevga yana $525 mln qarz bermoqchi 

Olam

image

Buyuk Britaniya Jahon banki orqali Ukrainaga 429 million funt sterling (525 million dollar) miqdorida qo‘shimcha kredit kafolatlarini berishga tayyor. Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning idorasi tarqatgan bayonotda aytiladi.

"Ukraina hukumati zudlik bilan moliyaviy yordam berilmasa, kuzgacha moliyaviy resurslari tugab qolishidan qo‘rqadi. Bosimlarga dosh berish uchun Buyuk Britaniya Jahon banki orqali yana 525 million dollar kafolat berishga tayyor", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya Ukrainaga jami 1,5 milliard funt sterling (1,8 milliard dollar) iqtisodiy va gumanitar yordam, jumladan Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki orqali 1,3 milliard funt sterling (1,5 milliard dollar) miqdoridagi kreditlar ajratgan. Bundan tashqari, London Kiyev rasmiylariga 1,3 milliard funt sterling (1,5 milliard dollar) miqdorida harbiy yordam ko‘rsatgan. 

Jonson idorasining G7 sammiti arafasida e’lon qilingan bayonotida ta’kidlanishicha, "Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasida G‘arbning charchaganligi yoki qarorsizligi haqidagi har qanday signal mamlakat Rossiya qo‘liga o‘tishiga olib keladi". 

26-28 iyun kunlari Germaniya janubidagi Garmish-Partenkirxen (Bavariya federal shtati) yaqinidagi Elmau qasrida bo‘lib o‘tadigan G7 yetakchilarining uchrashuvida Britaniya bosh vaziri G‘arb ittifoqchilarini Rossiyaga bosim o‘tkazishga chorlamoqchi.

Avvalroq, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson hukumat a’zolari katta iqtisodiy xarajatlar tufayli Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga qaror qilsalar, iste’foga chiqishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

15

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing