Leps O‘zbekistondagi konserti bekor qilinganiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
07 iyul 2023
24805Rossiyalik xonanda Grigoriy Leps o‘zining Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi konsertlari bekor qilinishiga munosabat bildirdi. Bu haqda u “Govorit Moskva” radiostansiyasiga bergan intervyusida gapirdi.
Qayd etilishicha, Leps konsertlarining bekor qilinishiga nisbatan Rossiya va “do‘st davlatlar”da ishlari yetarlicha ekanini aytgan.
“Endi Qirg‘iziston, Qozog‘iston va boshqalarsiz qanday yashayman? U yerdagi odamlarning aksariyati mutlaqo normal, ba’zilari esa o‘ta so‘l va juda o‘ng – ular 20 dollardan to‘lagan. Aynan ular uchun ham harakat qilsangiz arziydi. Qolganiga kelsak, menga baribir. Men Rossiyada yashayman. Men uchun bizning do‘stona davlatlarimiz – Janubiy Amerika, Malayziya, Turkiya va boshqa mamlakatlardan tashqari dunyoning deyarli barcha davlatlariga kirish taqiqlangan. Men mutlaqo xotirjamman, uyda juda baxtliman. Hammasi joyida. Qolaversa, ular o‘z mamlakatlarining xo‘jayini – kimni kiritish va kimni kiritmaslikni ularning o‘zlari hal qiladi. Lekin buning musiqaga aloqasi yo‘q. Musiqa siyosatdan holi bo‘lishi kerak. Aftidan, ular mening “maxsus operatsiya” bo‘yicha pozitsiyam, vatanim uchun qiladigan xizmatim va yigitlarimizga yordam berish uchun amalga oshirayotgan ishlarimdan g‘azablanishgan. Xudo ularga yor bo‘lsin. Hukmni tarix chiqaradi, qolgan barcha narsa meni bezovta qilmaydi. Ishimiz bisyor, vatanimizda bizni juda yaxshi kutib olishadi, ko‘rganlaridan xursand bo‘lishadi. Shubhasiz, men ham bundan juda baxtiyorman. Agarda, ertaga men uchun dunyoning hamma joyiga borish taqiqlansa ham, faqat o‘z mamlakatimda ishlashimdan faxrlanaman va xursand bo‘laman”, deydi Leps.
Ma’lumot uchun, Grigoriy Leps Rossiyaning Ukrainaga bosqinini faol ravishda qo‘llab keladi. Masalan, u joriy yilning 14 iyun kuni yana bir rossiyalik xonanda Nikolay Baskov bilan birga Ukraina Qurolli Kuchlariga tegishli tanklarni yo‘q qilgan har bir kishiga shaxsiy hisobidan million rubldan berishini ma’lum qilgandi. Keyinroq mazkur tashabbusga teleboshlovchi Yuliya Baranovskaya hamda “Zemlyane” rok-guruhi rahbari Vladimir Kiselev ham qo‘shildi. 4 iyul esa Leps nemis tanki Leopard'ni yo‘q qilgan harbiyga million rubl mukofot berganini e’lon qildi. Mazkur voqeadan biroz o‘tib uning O‘zbekistonda o‘tishi rejalashtirilgan konserti bekor qilindi. Garchi Madaniyat va turizm vazirligi buni “texnik sabablar” bilan izohlagan bo‘lsa-da, konsertning bekor qilinishiga ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh faollar tomonidan rossiyalik xonandaning O‘zbekistonda konsert berishiga qarshi o‘tkazilgan aksiyalar ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, avvalroq Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi Rossiyaning bosqinini qo‘llab-quvvatlovchi xonandalarning O‘zbekistonda konsert berishi yuzasidan vakolatli organlarga murojaat qilgandi. Toshkentdagi konsert bekor qilinishidan avvalroq Lepsning Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi konsert dasturlari ham o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.
Bu yil boshidan buyon rossiyalik san’atkorlarning Marakziy Osiyodagi konsertlari bekor qilingan ilk holat emas. Avvalroq “JARA” festivali ham noma’lum muddatga qoldirilgandi.
LiveBarchasi