Toshkentda “JARA” festivali qoldirildi
Jamiyat
−
31 mart 2023
10556Joriy yilning 20-21 may kunlari Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘ida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “JARA” rus musiqa festivali noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga o‘z manbasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday qaror tashkilotchilarning o‘zi tomonidan qabul qilingan. Mazkur festivalda HammAli & Navai, Ani Lorak, Yegor Krid, Emin, Mari Kraymbreri, Jony, Olga Buzova kabi o‘ttizga yaqin rossiyalik san’atkorlar ishtirok etishi kutilyotgan edi.
Ko‘rinishidan, festivalning bekor qilinishi ayrim mahalliy blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Vladimir Putin siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi rossiyalik san’atkorlarning chiqishiga qarshi boshlangan norozilik aksiyasi bilan bog‘liq. Ayrim foydalanuvchilarning fikricha, yulduzlarning O‘zbekistondagi chiqishi respublika Ukrainadagi mojaroda Rossiya tomonini qo‘llab-quvvatlashini bildiradi.
Allaqachon sotib olingan chiptalar uchun pulni qaytarish jarayoni qanday tashkil etilishi hozircha noaniq.
Ma’lumot uchun, “JARA” har yili o‘tkaziladigan xalqaro musiqiy festivaldir. Unga 2016 yilda rossiyalik va ozarbayjonlik qo‘shiqchi, musiqachi va tadbirkor Emin Agalarov tomonidan asos solingan.
LiveBarchasi