QALAMPIR.UZ dayjesti: sudda yutqazgan Usmonova, Putinning ogohlantirishi, YTHga uchragan Prezident korteji

Jamiyat

image

Bugun, 30 oktyabr kuni O‘zbekiston va xalqaro maydon muhim voqeliklarga boy bo‘ldi. Kun davomida xonanda Yulduz Usmonovaning sudda yutqazgani muhokama qilingan bo‘lsa, “Katta yigirmatalik” davlat rahbarlari Rimda to‘plandi, Putin esa G20 sammitida dunyo hamjamiyatiga murojaat qildi. Shu kabi yangiliklarning qisqacha tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ dayjestida tanishing.

Jamiyat

Xonanda Yulduz Usmonova shoir Yo‘lchi Ro‘ziyevga sudda yutqazdi

Kecha, 29 oktyabr kuni Yo‘lchi Ro‘ziyevning Yulduz Usmonovaga qarshi ochgan da’vosi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi va qaror qabul qilindi.

Qayd etish kerakki, da’vogar Yo‘lchi Ro‘ziyev joriy yilning 20 sentyabr kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga javobgar Yulduz Usmonovaga nisbatan “Xasta bo‘lma” qo‘shig‘ining she’r muallifi sifatida mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

ISHID terrorchisi O‘zbekistonga olib kelindi

Xalqaro terroristik tashkilotlarga aloqadorligi uchun qidiruvda bo‘lgan I.O. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan xorijdan O‘zbekistonga olib kelindi.

Ma’lum bo‘lishicha, I.O. 2014 yilning fevral oyida mavsumiy ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasiga boradi va Internet tarmog‘i orqali xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolari bilan aloqaga kirishadi.

9 oyda tabiatga zarar yetkazganlardan 16,3 mlrd so‘m undirildi – Ekologiya qo‘mitasi

O‘tgan 9 oy mobaynida 34 275 nafar shaxs atrof-muhitni asrashga oid qonunchilik hujjatlari talablarini buzgani aniqlandi. 32 mlrd so‘m ma’muriy jarima va tabiatga yetkazilgan zararlar hisoblanib, 16,3 mlrd so‘m undirib olingan. 

1365 ta holat bo‘yicha 15 mlrd so‘m jarima va tabiatga yetkazilgan zararlarni undirish yuzasidan tayyorlangan materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga kiritilgan. 12 ta holat bo‘yicha 1,6 mlrd so‘mlik da’volar yuzasidan qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.

DXX $373 mingni Qirg‘izistonga olib o‘tayotgan shaxsni ushladi

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘onada 370 mingdan ortiq AQSH dollarini mamalkatdan noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘ydi. 

DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida Farg‘ona tumanining Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh hududi bo‘ylab harakatlanayotgan, 1980 y.t. mahalliy fuqaro boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Tekshiruv natijasida, avtomashina salonida 373 ming 717 AQSH dollari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishda to‘lov kamaytiriladi

Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida malaka sertifikatining dublikati berilganligi uchun davlat xizmatlari ko‘rsatishdagi to‘lov miqdorlari kamaytiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.

Qaror bilan bir qator davlat xizmatlari ko‘rsatishdagi to‘lov miqdorlari kamaytirildi. Jumladan, Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida malaka sertifikatining dublikati berilganligi uchun BHMning 10 foizi miqdorida to‘lov undirilishi belgilandi.

Angrenda 11 yashar qiz doridan vafot etgani bo‘yicha tekshiruv boshlandi

Avvalroq, Angren shahrida 11 yoshli qiz "Seftriakson" dori vositasi sabab vafot etganligi haqida xabar bergan edik.

Bosh prokuratura Matbuot xizmati mazkur voqea bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Aniqlanishicha, Angren shahrida yashovchi 11 yoshli G.R. 20.10.2021 yilda vafot etgan. 

Issiqlik ta’minoti uchun suvning haroratiga qarab pul to‘lash tartibi o‘rnatiladi — Qurbon Tursunov

Issiqlik ta’minoti uchun hisoblagich orqali pul to‘lash tartibi joriy qilinadi. Bunda aholi suvning haroratiga qarab to‘lov qiladi.

“Bundan keyin barcha loyihalarimiz markaziy hisoblagich orqali amalga oshiriladi. Issiqlik ta’minotiga ham hisoblagich bilan to‘lash belgilandi. Bu joriy yildan boshlandi. Ulgurji iste’molchilar hisoblagich orqali pul to‘laydi. Faqat aholi metr kvadratdan kelib chiqib hisoblanadi. Issiq olsa ham, sovuq olsa ham bir xil pul to‘laydi. Masalan, tashqi havo harorati yuqori bo‘lgan paytda, biz ham issiqlik ta’minoti korxonasida haroratni balandroq qilishimiz kerak. Tabiiyki gaz sarfi ko‘payadi. Lekin aholi tomonidan to‘lanadigan summa bir xil”, degan  Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari.

Afg‘oniston O‘zbekistondan qancha qarz? So‘z Mirziyoyevning maxsus vakiliga

Afg‘oniston O‘zbekistondan elektr energiyasi uchun 10 million dollardan ortiq qarzdor.

“Qo‘shni davlat sifatida biz afg‘on xalqidan yuz o‘girmasligimiz kerak. Afg‘oniston O‘zbekistondan elektr energiyasi uchun 10 million dollardan ortiq qarzdor. Shunga qaramay, biz afg‘on aholisini elektr energiyasi bilan ta’minlashda davom etamiz, chunki biz odamlarning ovqat pishirishi va isinishi uchun kerak bo‘lgan elektr energiyasisiz qoldira olmaymiz”, deydi  O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev.

Muhim loyiha: O‘zbekiston Eron porti orqali dengizga chiqmoqchi

O‘zbekiston Hindiston va Eron bilan savdo uchun dengiz yo‘llariga chiqishni yaxshilash va diversifikatsiya qilish bo‘yicha mamlakatning sa’y-harakatlari doirasida Eronning Makran sohilidagi Chabahar porti orqali kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma rejani ilgari suradi.

Chabahar portidan birgalikda foydalanish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi virtual uchrashuvi 2020 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan, hozir esa tomonlar ikkinchi uchrashuv sanasini belgilamoqda.

Olam

Bayden kortejidagi avtomobil YTHga uchradi

Kecha, 29 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden kortejidagi avtomobil Rimda kichik yo‘l-transport hodisasiga uchradi. AQSH yetakchisi bir kun avval G20 sammitida ishtirok etish uchun Italiyaga kelgandi. 

Qayd etilishicha, prezident kortejidangi avtomobil Vatikandan Kvirinal saroyiga (Italiya Prezidentining rasmiy qarorgohi – tahr.) jo‘nab ketayotganda kichik yo‘l-transport hodisasi ishtirokchisiga aylangan.

JSST yangi xavfli virus paydo bo‘lishidan ogohlantirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus yangi virus paydo bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.  

“Biologik nuqtai nazardan, hech qanday shubha yo‘qki, qachondir boshqa virus paydo bo‘ladi, biz vaziyatni qo‘lga ololmaymiz”, degan u “Katta yigirmatalik” davlatlari Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirlari yig‘ilishida. 

Livan va Saudiya Arabistoni o‘rtasida mojaro. Nizoga nima sabab bo‘ldi? 

Livan Axborot vaziri Georg Kordaxining Yamandagi urush bilan bog‘liq so‘zlari Saudiya Arabistoni bilan katta nizoni keltirib chiqardi. 

Bir necha kun oldin Livan ommaviy axborot vositalari Kordaxining “Al-Jazeera” telekanaliga bergan intervyusidan parchalarni e’lon qildi. Unda vazir Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasining Yamandagi harakatlari tajovuzkorlik ekanini va “Ansorulloh” guruhidagi isyonchilar o‘zlarini himoya qilishga majbur bo‘layotganini aytgan. Keyinchalik u bu so‘zlar avgust oyida, vazir etib tayinlanishidan oldin bergan intervyusida aytilganini ta’kidlagan.

“Arqadag‘”ning o‘rinbosari toliblar bilan maslahatlashish uchun Qobulga bordi

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari — Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bugun, 30 oktyabr kuni Afg‘oniston poytaxtiga mamlakatda hokimiyatni egallab olgan “Tolibon” harakati vakillari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun bordi. 

Qobul aeroportida Turkmaniston vazirini “Tolibon” tomonidan tayinlangan Afg‘oniston muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mottakiy, Afg‘oniston Axborot va madaniyat vaziri o‘rinbosari Zabihulla Mujohid va boshqa yuqori martabali “Tolibon” a’zolari kutib olgan. 

Putin dunyoni global inflyatsiya xavfidan ogohlantirdi

Dunyoda global inflyatsiya xavfi bor, vaziyatning og‘irlashishiga yo‘l qo‘ymaslik, balki byudjet siyosatini normallashtirish muhim.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotni haddan tashqari rag‘batlantirish umumiy beqarorlikka, moliyaviy aktivlar va ayrim bozorlarda tovarlar: energiya, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarning narxlari oshib ketishiga olib kelgan. Bu hodisalarning asosiy sababi – rivojlangan iqtisodiyotlarda jiddiy byudjet taqchilligi.

Sport

Orzusiga erishgan Maxachevdan ko‘zi qonga to‘lgan Yangacha: bugun UFC 267 bo‘lib o‘tadi

Bugun, 30 oktyabr kuni BAA poytaxti Abu-Dabidagi “Janglar oroli”da UFC 267 musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

Kechaning asosiy jangi yarim og‘ir vazn toifasi chempioni Yan Blaxovich va Glover Teysheyra o‘rtasida kechadi. Shuningdek, jang oqshomidan yana bir qator qiziqarli to‘qnashuvlar o‘rin olgan.

O‘ta yengil vazn toifasining sobiq chempioni Pyotr Yan Kori Sendhagenga qarshi jang qilsa, yengil divizion vakili Islom Maxachev Den Xukerni sinovdan o‘tkazadi.

Boks bo‘yicha JCH: Nodirjon Mirzahmedov raqibiga imkoniyat qoldirmadi

Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha Jahon chempionatining oltinchi kun bellashuvlariga start berildi.

Bugun, 30 oktyabr kuni 48 kg vazn toifasida Nodirjon Mirzahmedov irlandiyalik Rikki Nesbitga qarshi ringga ko‘tarildi va 3 raund davom etgan jangda ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Mirzahmedov chorak finalda Qozog‘iston vakili Temirtas Jussupovga qarshi bahs olib boradi.

O‘zbekiston Bangladeshga javobsiz 6 ta gol urdi

Xabaringiz bor, ayni damda Toshkent shahrida Osiyo kubogi saralash bosqichi “D” guruhi o‘yinlari davom etmoqda.

Bugun, 30 oktyabr kuni 2-tur doirasida Bangladesh terma jamoasi va O‘zbekiston U-23 terma jamoalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur bahsda mezbonlar yirik – 6:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindagi gollarga Ulug‘bek Hoshimov (dubl), Eldorbek Begimov, Asliddin Toshtemirov, Abbosbek Fayzullayev va Alisher Odilov mualliflik qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

142

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing