Kreml Ukrainani tinch qo‘yish uchun qaysi versiyani ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Ukrainadagi qurolsizlantirilgan davlatning Avstriya yoki Shvetsiya versiyasi hozir muhokama qilinmoqda, buni murosa sifatida ko‘rish mumkin. Bu haqda bugun, 16 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Bundan oldin Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy Kiyev Ukrainada qurolsizlantirilgan davlatning Avstriya yoki Shvedsiya versiyasini qurish taklif qilayotganini ma’lum qilgandi. Shu munosabat bilan jurnalistlar demilitarizatsiyaning bu varianti Kremlni qanoatlantiryaptimi, degan savol bergan.

“Bu hozir muhokama qilinayotgan va ma’lum bir murosaga erishish mumkin bo‘lgan variant”, deb javob bergan Peskov.

Peskov Ukraina bilan murosaga kelish uchun shvedcha versiya ko‘rilayotgani haqida fikr bildirmagan.

“Tafsilotlarga kirmaslikni ma’qul ko‘raman. Yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, davom etayotgan muzokaralar kontekstida bu mavzu bo‘yicha boshqa tafsilotlarni aytib bo‘lmaydi”, deya tushuntirgan u.

Kreml vakiliga ko‘ra, Ukraina atrofidagi vaziyatni Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralardagi kelishuvlar yordamida yaxshilash mumkin. 

“Ukraina atrofidagi vaziyatni Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarda kelishuvga erishish orqali yaxshilash mumkin”, degan Peskov.

Avvalroq Davlat departamenti, agar Ukraina atrofidagi vaziyatdagi keskinlikni pasaytirish uchun foydali bo‘lsa, AQSH Rossiya bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirgan edi.

Prezident matbuot kotibi, shuningdek, Ukrainadagi urushda rus qo‘shinlariga aynan kim rahbarlik qilayotgani haqidagi savolni Mudofaa vazirligiga yo‘llagan.

“Bu Mudofaa vazirligining ishi”, degan Kreml matbuot kotibi jurnalistlarga.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

36

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing