Xorazmda ham o‘qish boshlanish vaqti kechiktirildi
Jamiyat
−
12 yanvar 2023
5259Avvalroq Xorazm viloyati umumta’lim maktablarida darslar 11 yanvardan an’anaviy tarzda boshlanishi haqida xabar berilgandi. Viloyat hokimligi tomonidan o‘qish boshlanishi 16 yanvarga ko‘chirildi.
“Bugun Xorazm viloyati hokimligi tomonidan o‘qish jarayonlarini 16 yanvardan boshlash qaroriga kelindi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyati umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’lim jarayonlarining boshlanishi 11 yanvardan 16 yanvarga ko‘chirilgani haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, joriy yilning 11 yanvaridan Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida ularning sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, bosqichma-bosqich hamda Sirdaryo viloyatidagi mavjud maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari uchun 13 yanvardan, boshlang‘ich sinf hamda bog‘chalarda esa 16 yanvardan dars va mashg‘ulotlar boshlanishi haqida xabar berilgandi.
Bundan tashqari, Andijon va Xorazm viloyatlaridagi maktablarda 11 yanvardan ta’lim jarayonlari tiklanishi ma’lum qilingandi.
Shu bilan birga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanishini e’lon qilgandi.
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi esa joriy yilning 5 yanvar kuni anomal sovuq sabab O‘zbekistondagi barcha maktablarda qishki ta’til 17 yanvargacha uzaytirilgani, 2022-2023 o‘quv yilining III choragi 2023 yilning 18 yanvaridan boshlanishini bildirgandi.
Gidrometeorologiya xizmati markazi esa mamlakatda anomal sovuq hafta oxirigacha davom etishini aytmoqda.
LiveBarchasi