Kaxovka GESi vayronalarining jabrlanuvchilari 40 ming kishiga yetishi mumkin – BMT

Olam

image

Kaxovka GESi to‘g‘onining vayron bo‘lishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinidan jabrlanganlar soni 40 ming kishiga yetishi mumkin. Bu haqda haftalik brifingda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi matbuot kotibi Shabia Mantu ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Xerson va aholi punktlarida to‘g‘on yorilishidan keyin sodir bo‘layotgan voqealar dahshatga sabab bo‘lmoqda.

“Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Xerson viloyatidagi 80 ta shahar va qishloqlar, shuningdek, minglab gektar qishloq xo‘jaligi yerlari suv ostida qolgan. Ukraina hukumati nazorati ostidagi hududda 17 mingga yaqin odam toshqindan jabr ko‘rgan. Biroq bu ko‘rsatkich 40 mingga yetishi mumkin”, degan BMT vakili.

Bundan tashqari, Rossiya harbiylari nazorati ostidagi hududlarda ham minglab odamlar jabr ko‘rgan. Hozirgacha 2200 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan yoki hududni tark etgan.

Mantuning bildirishicha, mintaqa aholisining asosiy ehtiyojlari toza suv, gigiyena va sanitariyadan foydalanishdir. Hozirda hududda yuz minglab odamlar toza ichimlik suvidan mahrum. Shuningdek, BMT vakili suv oqimi jiddiy gumanitar oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan va Xerson viloyati Ukrainaning minalardan eng ko‘p zarar ko‘rgan viloyatlaridan biri ekanini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning vaqtinchalik Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi to‘g‘on portlashi oqibatida vayron  bo‘lgandi. Buning oqibatida aholi yashash punktlari suv ostida qoldi va Xerson viloyatida favqulodda holat joriy qilindi. BMT Xavfsizlik kengashi ham mazkur masalani ko‘rib chiqdi. Kiyev va Moskva stansiyadagi portlashda bir-birini aybladi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Kaxovka GESi vayron qilinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. NATO, Yevropa Kengashi va Germaniya esa portlashda Rossiyaning qo‘li borligini aytdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa Ukraina GESga hujum qilishni reja qilganini oldindan bilganini bildirdi. Kaxovka GESi o‘rnida yangi stansiya qurish uchun kamida besh yil vaqt va bir milliard grivna (27 million dollar) kerak bo‘lishi ma’lum qilindi. 7 iyun kuni esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT va Qizil Xochning Kaxovka GESidagi favqulodda holatga munosabatidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya BMT Ukraina Kaxovka GESi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing