Qrimda yana o‘q-dorilar portladi (video)
Olam
−
16 avgust 2022
11198Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimorolida o‘q-dorilar saqlanayotgan omborxonada portlash va yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda o‘q-dorilar portlab ketdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar bergan.
Qayd etilishicha, bugun, 16 avgust kuni Moskva vaqti bilan taxminan 06:15 da Mayskoye (Jankoyskiy tumani) aholi punkti hududida o‘q-dorilarni vaqtincha saqlash uchun ajratilgan uchastka hududida yong‘in sodir bo‘lgan.
Yong‘in oqibatida saqlanayotgan o‘q-dorilar portlab ketgan. Voqea joyidan olingan xabarga ko‘ra, hozircha jiddiy jarohatlanganlar aniqlanmagan.
Yong‘inni o‘chirish va yong‘in sabablarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 9 avgust kuni Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimorolining Novofedorovka posyolkasidagi “Saki” harbiy aviabazasida ketma-ket portlashlar sodir bo‘ldi. Rossiya samolyotlari Zaporoje, Nikolayev va Xerson viloyatlarini bombardimon qilish uchun aynan shu havo bazasidan foydalanayotgandi.
Ukraina Mudofaa vazirligi portlashlarga izoh berib, yong‘in sabablarini aniqlay olmaganini ta’kidlab o‘tdi.
Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, portlashlar o‘q-dorilarning o‘z-o‘zidan portlashi tufayli sodir bo‘lgan. Jarohatlanganlar va bir kishi halok bo‘lgani haqida xabarlar bor. 14 kishi jabrlangan.
“The Washington Post” nashri Ukraina rasmiysiga tayanib, Qrimdagi aerodromga Ukraina maxsus kuchlari zarba berganini xabar qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi