“Qozoq malikasi” egallab turgan lavozimidan ketdi
Olam
−
27 aprel 2022
13625Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva Ekologik tashkilotlar assotsiatsiyasi prezidiumi rahbari lavozimini tark etdi. Ma’lumotni Ekologik tashkilotlar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Oygul Soloveva tasdiqladi, deb xabar berdi “Tengrinews”.
“Ha, haqiqatan ham Aliya Nazarboyeva Qozog‘iston Ekologik tashkilotlar assotsiatsiyasi prezidiumi rahbari lavozimini tark etdi. Bu yanvar oxirida bo‘lgandi. 4 fevral kuni esa assotsiatsiyamiz a’zolarining umumiy yig‘ilishini o‘tkazdik”, degan Soloveva.
Aliya Nazarboyeva 2017 yilning noyabridan beri Ekologik tashkilotlar assotsiatsiyasi Prezidiumini boshqargan.
Nazarboyevning siyosiy intihosi
2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi.
2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.
LiveBarchasi