Nazarboyevning kenjasi “paydo bo‘ldi”
Olam
−
20 yanvar 2022
12387Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyevaning Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi ko‘rina boshladi.
Joriy yilning 14 yanvar kuni ommaviy axborot vositalari Instagram sahifasi orqali Aliya Nazarboyeva Birlashgan Arab Amirliklarida ekanini bilib qolgach, u Instagram va Facebook platformalaridagi sahifalarini o‘chirib tashlagandi.
Bu Aliya Nazarboyeva Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari va tartibsizliklar haqida oiladan birinchi bo‘lib izoh bergani va ommaviy axborot vositalari uning vatanini tark etgani hamda BAAda ekanligiga e’tibor qaratganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan.
Qozog‘istonning sobiq Prezidentining kenja qizi 41 yoshda. U biznes, ijtimoiy faoliyat, xayriya va kino ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 2017 yilning noyabr oyidan buyon mamlakatda tashkil etilgan Ekologik tashkilotlar uyushmasi rahbari lavozimini egallab keladi.
Oxirgi kunlarda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari atrofidagi gap-so‘zlar soat sayin ortdi. Bunga hamohang tarzda oxirgi mashmashalar fonida Nazarboyev va oilasi munosabat bildirmadi. Olma-otada esa uning sobiq qarorgohiga o‘t qo‘yildi, haykali ag‘darildi. Murakkab vaziyat biroz tin olgach, Nazarboyev yana paydo bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, uning matbuot kotibi Nazarboyevning Nur-Sultondaligini aytib, Elboshi nomidan xalqni Prezident To‘qayev atrofida birlashishga chaqirdi.
2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident videomurojaat yo‘llashdan boshqa, hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.
Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketdi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
Shuningdek, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamalakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilish fakti bo‘yicha hibsga olindi. Karim Masimovdan tashqari, MXQ raisining sobiq o‘rinbosari – “A”, Maxsus maqsadli xizmat bo‘limi boshlig‘i A.Sadiqulov va MXQ raisi o‘rinbosari D.Yergojinlar ham qo‘lga olingan.
17 yanvar kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Elboshining jiyani – Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abishni lavozimidan ozod etish haqidagi hujjatni imzoladi.
LiveBarchasi