Nazarboyevning katta siri fosh bo‘ldi. Milliardlar kimniki?

Olam

image

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti va Xavfsizlik kengashining sobiq rahbari Nursulton Nazarboyev kamida sakkiz milliard dollarlik aktivlarni boshqaradi. Bu haqda OCCRP tadqiqotchi jurnalistlar uyushmasi Qozog‘istonning “Kloop” va “Vlast” nashrlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqotida aytiladi. 

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, Nazarboyev prezidentlik davrida to‘rtta xayriya jamg‘armasiga asos solgan. Gap “Nazarboyev jamg‘armasi”, “Nursulton Nazarboyev jamg‘armasi”, “Demeu jamg‘armasi” va “Elboshi jamg‘armasi” haqida bormoqda. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, sobiq Prezident ularni shu kungacha yashirincha boshqarishda davom etmoqda. 

Ushbu jamg‘armalar qo‘lidagi aktivlar ro‘yxatiga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyadagi banklar, telekanallar, mehmonxonalar, savdo markazlari, fabrikalar, omborlar, qiymati 100 million dollardan ortiq bo‘lgan shaxsiy samolyot, golf maydonchasi, obligatsiyalar, naqd pul va bir qator qo‘shimcha ob’ektlar, jumladan, makaron zavodi va obodonlashtirish kompaniyasi kiradi. 

Ta’kidlanishicha, ko‘p milliard dollarlik aktivlar rasmiy ravishda Nazarboyevga tegishli emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamg‘armalarga tegishli, ammo siyosatchi ularni ushbu tashkilotlarning asoschisi sifatida nazorat qiladi. U mablag‘larning ishlatilishi, shu jumladan aktivlarni sotish yoki topshirish bo‘yicha yakuniy qarorlarni qabul qiladi. 

Tergov mualliflari sobiq Prezidentning Matbuot kotibiga murojaat qilishgan, biroq u jurnalistlarning savollariga javob berishdan bosh tortgan. To‘rtta xayriya jamg‘armasidan uchtasi shunday yo‘l tutgan. Oxirgi tashkilot, aktivlar siyosatchiga foyda keltirmaydi, chunki fond Nazarboyev nomidagi xayriya tashkilotlarini moliyalashtiradi, deb javob bergan. 

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev va oilasini daxlsizlik huquqlaridan mahrum etish talabi bilan petitsiya tashkil etilgandi.  

Nazarboyev atrofida nimalar sodir bo‘lyapti? 

18 yanvar kuni xalqqa videomurojaat bilan chiqqan Nazarboyev Qozog‘istonda joriy yilning ilk kunlarida sodir bo‘lgan qonli to‘qnashuvlar boshlanganidan buyon ilk marotaba ommaga ko‘rinish berdi. Nazarboyevning videomurojaati uning You Tube’dagi Matbuot xizmati rasmiy kanalida e’lon qilingan.

Murojaatda sobiq prezident "Men 2019 yili o‘z vakolatlarimni Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirganman. O‘shandan beri pensioner hisoblanaman. Ayni damda Qozog‘iston poytaxtida dam olyapman va hech qayerga ketganim yo‘q", deya bildirgan.

U yana butun qozoq xalqini hozirgi tahlikali vaziyatda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev atrofida birlashishga chaqirgan.

Oxirgi kunlarda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari atrofidagi gap-so‘zlar soat sayin ortdi. Bunga hamohang tarzda oxirgi mashmashalar fonida Nazarboyev va oilasi munosabat bildirmadi. Olma-otada esa uning sobiq qarorgohiga o‘t qo‘yildi, haykali ag‘darildi. Murakkab vaziyat biroz tin olgach, Nazarboyev yana paydo bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, uning matbuot kotibi Nazarboyevning Nur-Sultondaligini aytib, Elboshi nomidan xalqni Prezident To‘qayev atrofida birlashishga chaqirdi. 

Avvalroq, Qozog‘iston sobiq Prezidentining kenja qizi Aliya Nazarboyeva Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti orqali BAAda ekani aniqlangandi. Biroq bundan ko‘p o‘tmay, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘chirib tashlandi.

2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident videomurojaat yo‘llashdan boshqa, hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.

Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketdi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi. 

Shuningdek, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamalakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilish fakti bo‘yicha hibsga olindi. Karim Masimovdan tashqari, MXQ raisining sobiq o‘rinbosari – “A”, Maxsus maqsadli xizmat bo‘limi boshlig‘i A.Sadiqulov va MXQ raisi o‘rinbosari D.Yergojinlar ham qo‘lga olingan.

17 yanvar kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Elboshining jiyani – Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abishni lavozimidan ozod etish haqidagi hujjatni imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Nazarboev

Baholaganlar

570

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing